Farg‘ona viloyatida xavfsizlik choralari ko‘rilmagan 2ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi gaz ta’minotidan ajratildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” ma’lum qildi.

Marg‘ilonda joylashgan “E.Q” MChJga qarashli metan “zapravka"larda o‘rnatilgan texnologik uskunalarning amaldagi me’yor va qoidalarga muvofiqligi, tabiiy gazni qabul qilib olish, saqlash, tarqatilish holatlari yuzasidan nazorat o‘tkazildi.

O‘rganish jarayonida AGTKShlar faoliyatida aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlandi.

Holat yuzasidan mutasaddilarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. AGTKShlar yuqoridagi kamchiliklar bartaraf etilgungacha tabiiy gaz ta’minotidan ajratildi.

“O‘zenergoinspeksiya” behuda sarflanayotgan elektr energiyasi bo‘yicha reydlarni boshlagandi. Bu energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanishga, yuklamalarning oldini olishga hamda iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga yordam berishi uchun amalga oshirilmoqda.

Avvalroq metan zapravkalar ish vaqti yana qisqartirilgandi. 12-dekabrdan AGTKShlar soat 06:00dan 12:00gacha faoliyat olib boradi.