O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining ish vaqti yana o‘zgartirildi. Bu haqda “Hududgazta'minot” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, 12-dekabrdan metan “zapravka"lar soat 06:00dan 12:00gacha faoliyat olib boradi.

Bu ayrim joylarda iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi kuzatilayotgani bilan izohlangan. Bundan tashqari, mazkur choralar vaqtinchalik bo‘lib, havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qo‘llaniladi.

Shuningdek, kompaniya noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay iste’molchilarning gaz ta’minotini yaxshilash ishlari davom ettirilayotganini qayd etdi.

Joriy yilning 8-dekabr kuni Energetika vazirligi hamda “Hududgazta'minot” kompaniyasi O‘zbekistonning barcha hududidagi AGTKShlar faoliyatiga cheklov kiritilganini ma’lum qilgandi. Bunda ular faoliyati soat 06:00—15:00 oralig‘ida amalga oshirilishi belgilangandi.

Biroq, mamlakatning ayrim hududlarida bundan avvalroq metan “zapravka"lar faoliyatiga cheklovlar kiritilgandi. Jumladan, 4-dekabrdan Andijondagi AGTKShlar faoliyatiga cheklovlar o‘rnatilib, ularga tabiiy gazni yetkazib berish vaqti soat 06:00dan 15:00gacha qilib belgilandi.

Undan keyin, Qoraqalpog‘istonda gaz “zapravka"lar faoliyati cheklanib, hududdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida soat 06:00dan 15:00gacha amalga oshiriladi.

Shuningdek, 7-dekabrdan Surxondaryodagi zapravkalar soat 08:00dan 17:00gacha, Qashqadaryoda esa 8-dekabrdan soat 06:00dan 15:00gacha faoliyat yurita boshladi.