O‘zbekistonda behuda sarflanayotgan elektr energiyasi bo‘yicha reydlar boshlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” ma’lum qildi.

Inspeksiya tomonidan mamlakatning barcha hududlarida iste’molchilarning elektr energiyasidan samarali va to‘g‘ri foydalanishlarini ta’minlash maqsadida targ‘ibot-tashviqot hamda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bu mazkur resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishga, tarmoqlarda yuklamalarning ortib ketishini oldini olishga hamda iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashga xizmat qilishi qayd etilgan.

Ob-havo haroratining pasayishi natijasida elektr energiyasidan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortishi bilan tarmoqdan imkoni boricha tejamkorlik bilan foydalanish, zarur bo‘lmagan hollarda elektr qurilmalarini tarmoqdan ajratib qo‘yish so‘ralgan.

Avvalroq davlat rahbari energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidlagandi. Noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.