Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni “O‘zbekneftgaz” kompaniyasida bo‘lib, energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yil boshida kelgan anomal sovuqdan xulosa qilib, tizim salohiyati oshirildi — ichki imkoniyatlar to‘la ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi.

Shu bilan birga, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda ish olib borildi. Muassasa, korxona va turar joylardagi dolzarb masalalar o‘rganilib, bartaraf etildi. Bu ishlar har bir mahallagacha yetib bordi.

“Bu yil energetika tizimini yaxshilashga barcha manbalardan 14,5 trln so‘m berdik. Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak bo‘lsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari mas’uliyatni to‘liq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya yetkazib berishni kafolatli ta’minlashi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilning o‘tgan davrida 675 megavattli elektr quvvatlari ishga tushdi. Mamlakat bo‘yicha 100ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.

Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 5 mlrd kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Yerosti omborlarida yetarlicha gaz zaxirasi jamlandi.

Prezident sovuq kunlarda energiya resurslariga bo‘lgan talabni kafolatli ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarning hisobotini eshitdi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ajratilgan mablag‘ evaziga joriy yilda qilingan ishlar va yaratilgan zaxira, kunlik iste’mol va uni ta’minlash mo‘ljallari to‘g‘risida axborot berdi.

Tizim 1-dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga o‘tadi. Yaqin oylarda 1 700 megavattli 8ta quyosh va shamol elektr stansiyasi, Sirdaryoda 500 megavattli gaz turbinasi ishga tushiriladi. Surxondaryodagi Sharg‘un konida 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarish boshlanadi.

Shuningdek, suyultirilgan gaz, mazut, transformator, kabel va boshqa zarur vositalarning zaxirasi tayyorlab qo‘yilgani qayd etildi.

Davlat rahbari energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tadbirda “O‘ztrangaz”, “Hududgazta'minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr tarmoqlari” rahbarlari axborot berdi.

Noyabr oyi boshida davlat rahbari energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar bergandi. Xususan, ikki hafta muddatda qozonxonalar va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlash topshirildi.

Undan keyin tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi. Kuz-qish mavsumida aholi va tadbirkorlarga tabiiy gazni sifatli va uzluksiz yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Energiya sohasidagi islohotlar

Sentabrda energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.

1-yanvargacha Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tayyorlash rejalashtirilgan. 2026-yildan agentlik tomonidan elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tariflari hamda to‘lovlari miqdorlari tasdiqlanadi.

Kelasi yil oxirigacha O‘zbekistonda yagona elektr savdosi platformasi yaratiladi. 2035-yilgacha elektr energiyasini aholiga barcha hududlarda bir xil narxda sotish joriy etiladi.

Bundan tashqari, 1-noyabrdan yirik maishiy elektr energiyasi iste’molchilari uchun to‘lovlar oshirilishi belgilangan. Bu o‘zgarishlar faqat oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq energiya ishlatadigan abonentlarga ta’sir qilib, ularga 2−4 baravar oshirilgan narxlar qo‘llaniladi.

Shuningdek, iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangan.