Avvalroq iIjtimoiy tarmoqlarda “Endi xonadonda birdaniga uchta konditsionerni ulasangiz hisoblagich tokni avtomatik tarzda uzadi” yoki “hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritiladi” sarlavhali xabarlar tarqalgandi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” bu iste’molchilar orasida turli tushunmovchiliklar va savollarni keltirib chiqarayotganini ta’kidlab, holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Hukumat qarori bilan o‘zgartirish kiritilgan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari"ning tegishli bandiga asosan, joriy yilning 1-noyabridan iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangan.

Bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan hududlarda iste’molchilarning uzoq vaqt elektr ta’minotidan uzilib qolmasligini ta’minlash maqsadida zarurat yuzasidan qo‘llaniladi, deyiladi xabarda.

Xususan, qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti kabi vaziyatlardagina ma’lum bir vaqt oralig‘ida elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklamalar tushishini oldini olish uchun amalga oshiriladi.

Avvalroq 1-noyabrdan yirik maishiy elektr energiyasi iste’molchilari uchun to‘lovlar oshirilishi ma’lum qilingandi. Bunda, o‘zgarishlar faqat oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq energiya ishlatadigan abonentlarga ta’sir qilib, bunda, 2−4 baravar oshirilgan narxlar qo‘llaniladi.

Energetika vazirligi buni odamlarda tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish hamda “yashirin iqtisodiyot"ga barham berish maqsadida amalga oshirilishi bilan izohladi.