Hukumatning Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Transport nazorati inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom inspeksiyaning maqomi va faoliyatini tashkil etish asoslarini, vazifalari, funksiyalari, huquqlari hamda uning xodimlarining javobgarligini belgilaydi.

Shu bilan birga, transport sohasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Shuningdek, Harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga quyidagilar kiritilgan:

  • harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning talablari hamda davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi;
  • harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ro‘yxatdan qayta o‘tkazish hamda ularga ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berish tartibi.

Transport vazirligiga 2024-yilning 1-noyabrigacha harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish axborot tizimini ishlab chiqish hamda ishga tushirish topshirildi.

Bundan tashqari, vazirlik kelasi yilning 1-dekabriga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda axborot tizimining Yagona portal bilan integratsiya qilinishini hamda tasdiqlangan Ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlari joriy etilishini ta’minlaydi.

Prezidentning 10-oktabrdagi mamlakatda temir yo‘l transporti sohasini isloh qilishga qaratilgan qarori bilan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi korxonalar negizida yangi korxonalar tashkil etilishi belgilangan. Hujjat bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari"ni 2025-yilgacha raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

2023−2026 yillarda Janubiy Koreya va Chexiyadan O‘zbekistonga elektropoyezdlar xarid qilinadi. Chexiyaning “Skoda” kompaniyalar guruhi O‘zbekiston hukumati bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Temir yo‘l vokzallarining rivojlantirilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi daromadini oshirishi qayd etilgan.

Avvalroq “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyodorlik jamiyati negizida “Temiryo‘lkargo” AJ tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.