Avvalroq O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

DXSh doirasida temir yo‘l vokzallarining rivojlantirilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi daromadini oshiradi. Bu haqda “Verona” Yevroosiyo iqtisodiy forumida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Spot"ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent, Samarqand va Qo‘qon vokzallari uchun DXSh loyihalari allaqachon tayyorlangan. Terminallar davlat-xususiy sheriklik tizimiga o‘tkazilmoqda, boshqaruv esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” qo‘lida qolmoqda, dedi vazir o‘rinbosari.

“Bu to‘g‘ri yo‘nalish, chunki „O‘zbekiston temir yo‘llari“ faqat tashuvlar yoki tranzitdan pul ishlay olmaydi. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, bizda yo‘lovchi tashish subsidiyalangan, narxlarimiz esa juda past”, — dedi Jasurbek Choriyev.

Shuningdek, Transport vaziri o‘rinbosari DXSh loyihalari “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning daromadlarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

“[DXSh] daromadlarni oshiradi. Bu „O‘zbekiston temir yo‘llari“ e’tibor qaratmagan qo‘shimcha daromadlardir. E’tibor berilmagan emas, balki xavfsizlik bilan bog‘liq savollar mavjud edi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Choriyevning qayd etishicha, yaqin kelajakda Toshkent vokzallari va boshqa yirik transport uzellariga xususiy sektor jalb etiladi.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Qirg‘izistonga yuk tashish uchun vagonlar yetkazib berishi haqida xabar berilgandi.