IIV raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olish yo‘nalishida professional kadrlarni uzluksiz, bosqichma-bosqich tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyiha bilan 2024/2025 o‘quv yilidan raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olish yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda O‘zbekiston milliy universitetida bakalavriatura va magistratura darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Raqamli kriminalistika” yo‘nalishi bo‘yicha tergovchilar hamda tezkor-qidiruv xizmati xodimlari uchun doimiy maxsus o‘quv kurslarini AKTdan foydalangan holda masofaviy shaklda axborot-ta'lim portali orqali tashkil etiladi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab “Kiber huquq” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ochiladi.

Bir oy muddatda 2024/2025 o‘quv yilidan universitetlarda IT-sohasida jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha bakalavriatura va magistratura uchun kvotalarni davlat buyurtmasiga asosan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning har yilgi davlat buyurtmasi parametrlarini belgilash yuzasidan hukumatga taklif kiritish belgilanmoqda.

Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yili boshlangunigacha IT-sohasida jinoyatlarning oldini olish yo‘nalishida yangicha fikrlaydigan hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga doir malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida mutaxassislik fanlari o‘quv dasturlari qayta ishlab chiqilishi hamda tasdiqlanishi ta’minlanadi.

Bunda o‘quv dasturlari xorijiy davlatlarning AKT sohasidagi tajribasidan kelib chiqib, sohada jinoyatlarning oldini olishga oid modullar ulushini oshirishni ko‘zda tutgan holda ishlab chiqiladi. AKT va dasturiy ta’minotini muntazam yangilab borish choralari ko‘riladi.

IT-sohasida jinoyatlarning oldini olish yo‘nalishida 3−4-o‘quv kurslari talabalari ichki ishlar va prokuratura organlarida o‘quv rejalarida belgilangan muddatlarda amaliyot (stajirovka) o‘tashi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, universitetlarni raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olishga doir mutaxassislik fanlari bo‘yicha o‘qishni tamomlagan talabalar huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmatga belgilangan maxsus tartiblar va talablar asosida qabul qilinadi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha bakalavriatura va magistraturani davlat granti asosida tamomlagan talabalar birinchi navbatda huquqni muhofaza qilish organlari va uning quyi tizimlaridagi mavjud bo‘sh kadrlar zaxirasiga yo‘naltiriladi.

2024/2025 o‘quv yilidan kamida bir nafar yetakchi milliy va xorijiy mutaxassisni, ekspert va professor o‘qituvchilarni IT-sohasida jinoyatlarning oldini olishning tashkiliy-texnik yechimlari va bunda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlarini o‘qitish, ularning malakasini oshirishda ishtirok etishga jalb qilinadi.

Bunda, ta’lim muassasalari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlariga mamlakatning IT-sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari, “IT Park” va boshqa xususiy ta’lim tashkilotlarining malakali mutaxassislari mehnatga haq to‘lash me’yorlari, mehnatga soatbay haq to‘lash asosida jalb etiladi.

Loyiha bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 20-martgacha qabul qilinadi.

Joriy yilgi davlat dasturida kiberxavfsizlik yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikalarini tahdid va tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish choralarini ko‘rish belgilangan.