Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining iqtisodiy imkoniyatlarini ishga solishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda davlat rahbari viloyatdagi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Qayd etilishicha, viloyat eksportini 86%i to‘qimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mingbuloq va Kosonsoyda bir gektardan olinadigan daromad viloyat ko‘rsatkichidan 2 barobar kam. Aholiga berilgan 16 ming gektardan 3,5 ming gektari bo‘sh yotibdi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqo‘rg‘onda sanoatlashish darajasi past.

Mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sayxunobod misolida Uychi tumanidagi 56 ta mahallada ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, tomorqadan 60−70 mln so‘m daromad olish bo‘yicha namuna yaratish topshirildi.

Sayxunobod tajribasi asosida mahallalarda jami 4 mingta xonadonni tanlab olib, ularning daromadini oshirish choralari ko‘riladi.

Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa ko‘rinishdagi amaliy yordam beriladi.

Shu tartibda, 35 ming xonadonga gulchilik, issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay, kartoshka yetishtirishga ko‘maklashiladi. Bunga yetarli miqdorda kredit ajratish rejalashtirilgan.

Mamlakatda qazib olinayotgan oltinni atigi 6%i qayta ishlanib, bor-yo‘g‘i $78 mlnlik eksport bo‘layotgani qayd etildi.

Prezident kecha tanishgan zargarlik korxonasini misol qilib, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat borligini ta’kidladi.

Shu bois, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinadi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi.

Mutasaddilarga Turkiya tajribasi asosida Namanganda oltinni qayta ishlash va sotish bo‘yicha yirik markazni ishga tushirish topshirildi.

Yig‘ilishda prezident Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminalini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, Namanganni Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish, Nanay qishlog‘i hududidagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirildi.

Qirg‘iz tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqo‘rg‘on” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Chegara posti yaqinida Xitoylik hamkorlar bilan “Uchqo‘rg‘on-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.

Germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tajribasi asosida bu tumanlarda tog‘ turizmini rivojlantirish master-rejasini ishlab chiqish va yil yakunigacha loyihalarni boshlash muhimligi ta’kidlandi.

Transport vazirligiga bayram kunlari avia va temir yo‘l reyslari sonini 2 barobar oshirish, Namangan yoki Farg‘onaga uchish grafigini qayta ko‘rib chiqib, vodiyga har kuni bo‘ladigan aviareyslarni ko‘paytirish topshirildi.

Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bog‘lovchi temir yo‘l reyslari, “Namangan-Pop-Chodak” yo‘nalishida har kuni ekspress yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

25-mart kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Norin daryosida GESlar kaskadi qurilishiga start berildi. Bu yerda 228 megavattli 6 ta stantsiya yiliga 1 mlrd kilovatt elektr chiqaradi.

Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli “Qo‘g‘ay-1,2”, “Beshqo‘rg‘on-1,2” kichik GESlar kaskadi ham ishga tushadi.

Shu yili Popda 1000 megavattli 2 ta quyosh elektr stantsiyasi barpo qilinadi. Bu ham 2,2 mlrd kilovatt elektr, degani.

Natijada viloyat o‘z ehtiyojini to‘liq qoplab, yiliga 2,5 mlrd kilovatt elektr eksport qiladi.

Prezident mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilab, mahalliy sanoat zonalarida yangi korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini qayd etdi.

Yettita yirik investitsiya loyihasi uchun Sanoat jamg‘armasidan $37 mln ajratish rejalashtirilgan.

Viloyatda o‘zlashtirilmagan 29 ta metall bo‘lmagan materiallar konlari mavjud bo‘lib, ularni o‘zlashtirish tadbirkorlar tomonidan taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, xitoylik investorlar Alichelek mis konlariga $200 mln sarmoya kiritishga tayyor.

Davlat rahbari qishloq xo‘jaligidagi qator vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi, ayniqsa, ular orasida suvni tejash masalasiga alohida to‘xtaldi.

Kanallarni betonlash va uchta suv ombori qurishni tezlashtirish, 60 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ikki yil oldin 1203 gektarda 200 ming aholi uchun “Yangi Namangan” shahri qurilishi boshlangan. Joriy bosqichda 20 ming xonadonli turar-joy, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, shuningdek 68 gektarda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” qurilishi boshlanadi.

Shuningdek, Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishiga start beriladi.

Avstriya bilan hamkorlikda Namanganda zamonaviy gemodializ markazi ishga tushiriladi.

Shuningdek, 3,5 ming o‘ringa ega 2 ta — birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etiladi.