Avstriya bilan hamkorlikda Namangan shahrida zamonaviy gemodializ markazini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident Namangan viloyatining iqtisodiy imkoniyatlarini ochishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, viloyatdagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi tarqoq holda 6 ta tuman va shaharda joylashgan. Oqibatda bemorlar bir shifoxonadan ikkinchisiga sarson bo‘lib, ortiqcha puli va vaqtini sarflayapti.

Shu bois bu 16 ta markaz negizida 3,5 ming o‘ringa ega 2 ta — birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etiladi.

Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga tunu-kun xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi.

Mamlakatimizda infarkt va ininsultsorati oqibatida faol hayoti cheklangan aholini tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya bilan to‘liq qamrab olish muhimligi qayd etildi.

Bu boradagi ishlarni yaxlit tizim asosida tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga insult va jarrohlik amaliyotidan so‘ng reabilitatsiya qilish bo‘yicha yagona milliy tizim yaratish, televideniye, radioda sog‘lom turmush, to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.


Avvalroq “Spot” prezident Namangan aeroportida yuk terminalini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgandi.

Shuningdek, Nanay qishlog‘i hududidagi sobiq Karvon bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirildi.