Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha Bank faolligi indeksini hisoblab chiqdi va ularning reytingini yangiladi. Bu haqda markaz “Spot"ga ma’lum qildi.

Mazkur indeks mamlakatdagi 31ta bank uchun hisoblanib, ular hajmiga qarab katta (17ta) va kichik (14ta) banklarga guruhlangan.

1-mart holatiga ko‘ra, bank tizimi aktivlari 648,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish 15,4%ni ko‘rsatgan. Majburiyatlari esa 549,6 trln so‘mni tashkil etdi.

Bank tizimi aktivlarining 67,4%i, kredit portfelining 70,1%i (331,2 trln so‘m) hamda depozitlarning 50,7%i (120,6 trln so‘m) 10ta davlat ulushi mavjud banklar hissasiga hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi — 25ta xususiy banklarniki.

Yil boshidan buyon bank depozitlarining o‘sish sur’ati sekinlashdi. O‘tgan yilning birinchi choragida bank tizimi depozitlari hajmi 42%ga o‘sgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida bu 13%ni tashkil etdi. Xorijiy valyuta depozitlari ulushi 29%ga tushdi.

O‘tgan yilning birinchi choragida kredit portfelining 26,5%i jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lsa, yil davomida ularning ulushi oshib, 32,1%ni tashkil etdi, yuridik shaxslarning ulushi esa mos ravishda 73,5%dan 67,9%ga qisqardi.

Muammoli kreditlarning salmog‘i keskin oshgan. Birinchi chorakda ularning hajmi 20,9 trln so‘mni, jami kreditlardagi ulushi 4,4%ni tashkil etgan.

Qaysi banklar yetakchi?

Yirik banklar reytingida 17ta bank orasidan to‘rttasi o‘z mavqeini yaxshiladi. “Xalq banki” umumiy reytingda ikki pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa, “Asia Alliance bank”, “Ipak yo‘li bank”, “O‘zmilliybank” bir pog‘onaga yuqoriladi.

“Aloqa bank”, “Ipoteka bank”, “Agrobank”, “Invest Finance” bank va “Hamkor bank” umumiy reytingda bir pog‘onaga pastladi. Qolgan banklar umumiy reytingda o‘z o‘rinlarini saqlab qoldi.

Moliyaviy ommaboplik ko‘rsatkichi bo‘yicha “Orient Finans bank” eng so‘nggi o‘rinni saqlab qoldi. Mazkur ko‘rsatkichda “Asia Alliance bank”, “Ipak Yo‘li banki” va “O‘zsanoatqurilishbank” 1 pog‘onadan pasaydi. “Invest Finans bank” bu ko‘rsatkich bo‘yicha birdaniga 4 pog‘onaga pasaydi.

“Kapital bank”, “Xalq banki”, “Aloqa bank”, “O‘zmilliybank” va “Biznesni Rivojlantirish Banki” esa 1 pog‘onaga, “Trast bank” 2 pog‘onaga yuqoriladi.

banklar reytingi, kapitalbank, universal bank

Aktivlar sifati bo‘yicha “Ipoteka bank” 2 pog‘onaga pastlab, eng so‘nggi o‘rinni egalladi.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Invest Finans bank”, “Orient Finans bank” va “Biznesni Rivojlantirish Banki” 3 pog‘onaga hamda “Aloqa bank” 5 pog‘onaga o‘z o‘rinlarini yo‘qotishgan.

Daromad olish salohiyati ko‘rsatkichi bo‘yicha “Ipak Yo‘li bank” 1 pog‘onaga, “Invest Finans bank” 2 pog‘onaga, “Aloqa bank” 3 pog‘onaga pasaygan.

Yirik banklar umumiy reytingida “Kapital bank” va Trast bank" yana yetakchilikni saqlab qoldi. “Asia Alliance bank” esa 1 pog‘onaga ko‘tarilib, reytingda 3-o‘rinni egalladi.

Oldingi reytingda mazkur pog‘onada bo‘lgan “Hamkor bank” bir pog‘ona pastlab, 4-o‘rinni qayd etdi.

Kichik banklar reytingida “Davr bank” yetakchilikni mavqei 2 pog‘onaga ko‘tarilgan “Universal bank"ga boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi.

“TBC bank” esa o‘z faoliyatini yaxshilagan holda mazkur banklar toifasida Top-3likka kirdi.

banklar reytingi, kapitalbank, universal bank

Shuningdek, “Ziraat bank” reytingda 3 pog‘onani yo‘qotib beshinchi o‘rinni egalladi. Bank o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida mazkur reytingda ikkinchi o‘rinni qayd etgandi.

“Madad Invest bank” ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yomonlashishi umumiy reytingda to‘rt pog‘onaga pasayishiga olib keldi.