Bandlik vazirligi joriy yilning birinchi choragida xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlashga ketganlar sonini ma’lum qildi.

Xususan, jami 23 535 nafar o‘zbekistonlik fuqarolar xorijda vaqtincha ishlash uchun chet davlatlarga borgan. Shundan 356 nafari Germaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.

23-aprel kuni yana 11 nafar tibbiyot xodimi mazkur mamlakatga ishlash uchun jo‘nab ketdi. Fuqarolar bu davlat klinikalarida faoliyat olib borishi hamda ularga dastlab 2 600 yevro oylik ish haqi to‘lanishi belgilangan.

Migratsiya agentligining qayd etishicha, 28ta davlatdan 160 mingga yaqin ish o‘rinlari aniqlangan. Mehnat migrantlarining asosiy qismi viza talab etilmaydigan, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya kabi mamlakatlarda ishlashmoqda.

Yil boshida prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq berdi. Mehnat muhojirlarining atigi 6%i uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborilgan.

Martga kelib davlat rahbari migratsiyani tartibga solishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Ikki yilda Migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi xorijga ishga yuborilgan.

Mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarini qoplash uchun 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.

1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.