O‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga qurilish ishlariga jalb qilinishi mumkin. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Seuldagi navbatdagi uchrashuv Janubiy Koreya qurilish uyushmasi rahbari hamda Koreya xorijiy sanoat ishchilari milliy ittifoqi raisi bilan o‘tkazildi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor yirik qurilish kompaniyalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilish masalasiga qaratildi.

Uyushma rahbari Pek Kvan Be Koreya o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan ishlashga xohishi baland ekanini qayd etdi. Uyushma tarkibida 57 mingta qurilish kompaniyasi bor.

Hozirda Koreya sanoati va qurilish sohasiga taxminan 232 mingta ishchi o‘rni yetishmayapti. Undan qurilish yo‘nalishida ayni paytda 17 mingta ishchiga ehtiyoj mavjud. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yiliga 20 mingtaga yetadi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda mutaxassislarni Koreya qurilish texnologiyalari asosida birgalikda tayyorlash borasida fikr almashildi. Bu borada Koreya bandlik vazirligi bilan ham muzokaralar o‘tkaziladi.

Koreya xorijiy sanoat ishchilari milliy ittifoqi raisi bilan o‘tgan muloqotda mamlakatda mavsumiy ish o‘rinlariga bo‘lgan talab va uni qoplash masalalari, to‘siq bo‘layotgan mavjud muammolar muhokama qilinib, larni yechish yo‘llari o‘rtaga tashlandi.

Ittifoqi raisining qayd etishicha, o‘tgan yilgi hisob-kitoblar mavsumiy ishlarga 400 mingta talab mavjudligini aniqlagan. Shundan bor-yo‘g‘i 40 ming nafar ishchi jalb qilingan.

Shuningdek, uchrashuvda xorijiy ishchilarning mas’uliyatini oshirish kerakligi ta’kidlandi. Chunki, ish joyini tashlab ketish, tez-tez almashtirish kabi holatlar sodir bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda Koreyadagi mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklar jalb qilinmaydi, xizmat safari davomida bandlik vaziri Koreyaning Mehnat va Adliya vazirliklarida ham uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Ular bilan bo‘ladigan muloqotda asosiy e’tibor ishchi vizalarini olish jarayonini soddalashtirish, kvotalarni oshirish, ishchilarni birgalikda tayyorlash, yangi yo‘nalishlarni ochish kabi masalalarga e’tibor qaratiladi.

Janubiy Koreyaning avtomobilsozlik sanoati uyushmasi 3 ming nafar o‘zbekistonlikni avtomobilsozlik bo‘yicha ishga jalb qilishni rejalashtirmoqda. Uyushma bilan qisqa muddatda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida loyiha amalga oshiriladi.

Aprelda mehnat migratsiyasini yaxshilash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarini qoplash uchun 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.

1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.