Shavkat Mirziyoyev Iqlim kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Iqlim kengashi iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish masalalari bo‘yicha Prezident huzuridagi eng yuqori maslahat organi hisoblanadi.
BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi va Parij bitimidan kelib chiqadigan O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishi monitoringini yuritish Iqlim kengashining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Yashil transformatsiya va iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy markazi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi (Iqlim markazi) deb qayta nomlandi.
Ilmiy va akademik salohiyatni oshirish hamda fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida Iqlim ilmiy forumi tashkil etiladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga issiqxona gazlari chiqindilarini tajriba inventarizatsiyasini o‘tkazish topshirilganini yozgandi.
Prezident farmoni bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi chiqindilarni kamaytirish va iqlimga moslashish bo‘yicha koordinator etib tayinlangan edi.