Avvalroq huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev my.uzbmb.uz saytidan abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan raqamiga xususiy universitetlardan o‘qishga taklif qilish bo‘yicha turli SMS-xabarlar kelayotgani haqida yozgandi.
Bilimni baholash agentligi holat yuzasidan munosabat bildirib, bu faqat joriy yilda emas, balki o‘tgan yillarda ham kuzatilganini ta’kidladi.
“Ushbu xabarlar faqat abituriyentlarga emas, barchaga, jumladan, agentlik xodimlariga ham kelmoqda. Agentlik fuqarolarning roziligisiz uchinchi shaxslarga ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaydi”, deyiladi bayonotda.
O‘z navbatida, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda OTMlariga taqdim etilgan talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bundan mustasno.
Agentlik o‘zining axborot tizimlarida xavfsizlik ta’minlanganini, ularga hech qanday kiberhujum uyushtirilmaganini va uchinchi shaxslar tomonidan abituriyentlarning ma’lumotlari qo‘lga kiritilmaganini qayd etdi.
Fuqarolarga ishonchsiz manbalardan foydalanmaslik va turli manbalarga shaxsiy ma’lumotlarini kiritmaslik tavsiya etiladi. Bu kabi shubhali holatlar yuzasidan agentlik tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish o‘tkazilishiga tayyorligini bildirgan.
Xushnudbek Xudoyberdiyev abituriyentlarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalgan bo‘lishi mumkinligini, Kiberxavfsizlik markazi bu bilan jiddiy shug‘ullanishi kerakligini aytdi.
Avvalroq mingdan ortiq fuqarolarning 550 mln so‘m miqdoridagi pullarini o‘g‘irlagan firibgar ushlangandi. Gumonlanuvchi “Telegram"da soxta akkaunt ochib, fuqarolar bank plastik kartasidan mablag‘lar o‘zlashtirganligi ma’lum bo‘ldi.