Avvalroq AQSh dunyoning ayrim mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistondan tovarlar importiga yangi bojlar joriy etilishini e’lon qildi.
Prezident Donald Trampning farmoniga ko‘ra, xorijdan import qilinadigan barcha tovarlarga qo‘shimcha bojlar solinadi. Bu chora Tramp “iqtisodiy mustaqillik deklaratsiyasi” va Amerika iqtisodiyotining “ozodlik kuni” deb atagan keng ko‘lamli savdo tashabbusining bir qismi bo‘ldi.
O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov AQSh tomonidan joriy etilgan import bojlari bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.
Urunov deyarli 160 ta mamlakatdan import qilinadigan tovarlarga joriy qilingan bojlar 3 ta toifaga ajratilganini ta’kidladi. Xususan, AQSh savdo balansida profitsitga ega mamlakatlardan importga qo‘shimcha tariflar 10% miqdorida o‘rnatilgan. Bu mamlakatlar qatorida 100 dan ortiq davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston ham bor.
AQSh tashqi savdo balansida yirik defitsit mavjud bo‘lgan 57 ta mamlakatga 10% dan yuqori stavkada bojlar belgilandi. Uchinchi toifaga esa Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyotida muhim deb topilgan mahsulotlar (avtomobil va uning ehtiyot qismlari, po‘lat va alyumin) kiritildi.
Azizbek Urunovning qayd etishicha, JST doirasida belgilangan bojlardan yuqori bojlarning bir tomonlama kiritilishi, ko‘p tomonlama savdo tizimi qoidalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Tramp ma’muriyatining fikricha, ko‘pgina mamlakatlar tashkilot qoidasiga zid ravishda turli xil notarif va subsidiya choralari orqali adolatli savdo tizimini inqirozga olib kelgan, JST doirasida islohotlar va oldinga ildamlash kun tartibida umuman kelishuv mavjud emas.
Urunov ayrim blogerning AQSh savdo choralari fonida “JST o‘ldi, O‘zbekiston uchun eksport imkoniyatlari yopiq”, degan mantiqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan fikrlarini inkor etib, bunga bir nechta omillarni keltirdi.
Xususan, O‘zbekiston eksportining deyarli 1%i AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, mis xomashyosi eksporti asosan Yevroosiyo hududidagi mamlakatlarga (Turkiya, Xitoy va boshqalar) yo‘naltiriladi. Agar misni qazib olish sezilarli oshgan taqdirda ham, $1 eksport mavjud bo‘lmagan BAAning ikkita yirik ishlab chiqaruvchisi ehtiyoji 300 ming tonnadan oshadi.
“Bizning manfaatimiz misni xomashyo sifatida sotish emas, balki mamlakat ichkarisida qo‘shilgan qiymat yaratishdir. Shu sababli ham joriy yilning mart oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan mis eksportiga 10% boj kiritildi”, — dedi u.
Urunovga ko‘ra, yangi bojlar bilan O‘zbekistonning qiyosiy ustunlikka ega tarmoqlari, jumladan, to‘qimachilik va kiyim-kechak ishlab chiqarishning rivojlanishida imkoniyat ko‘rish mumkin. Chunki, asosiy global ishlab chiqaruvchilarga sezilarli darajada yuqori bojlar kiritilmoqda: Vetnam (46%), Bangladesh (37%), Tailand (36%), Xitoy (34%), Pokiston (29%) va Hindiston (26%). O‘z navbatida, bu yangi investitsiya va eksport kengayishi uchun yaxshi imkoniyat ekanligini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, global savdo tizimida AQSh ulushi 8,5%ni tashkil etsa, 90%i JSTga a’zo mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. AQSh yondashuvi esa tashkilotni inqirozga olib kelish emas, balki o‘z ta’sir doirasi orqali isloh qilishga qaratilgan.
“Yuqoridagilardan xulosa — har bir muammo yangi imkoniyat yaratadi, shundan oqilona foydalanish asosiy vazifa”, — dedi Urunov.
Spot bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar yangi import bojlari O‘zbekistonning tovarlarni yetkazib berish darajasiga deyarli ta’sir qilmasligini ta’kidladilar. Tariflarning mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri juda ham kam bo‘ladi.
Markaziy bankning valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti rahbari Otabek Tojiddinov AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi O‘zbekistonning savdo balansi taqchilligini oshirishi mumkinligini qayd etgandi. Amerikaning yangi bojlari tufayli Xitoy muqobil bozorlarga, jumladan, Markaziy Osiyoga eksportni ko‘paytirishga harakat qiladi.