Duolingo sun’iy intellekt qila oladigan ishlarni bajaradigan xodimlarni ishga olishni to‘xtatadi. Bu haqda platforma bosh direktori Luis fon Ana o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

Unda Duolingo “sun'iy intellekt bajara oladigan ishlarni pudratchilar orqali bajarishni asta-sekin to‘xtatishi” haqida ma’lumot berilgan.

Ananing aytishicha, platforma birinchi navbatda sun’iy intellektga e’tibor qaratadi — shu sababli kompaniya o‘z faoliyatining katta qismini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.

Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, Duolingo o‘z xodimlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan kompaniya bo‘lib qoladi va odamlarni sun’iy intellekt bilan to‘liq almashtirmaydi.

Qayd etilishicha, kompaniya endilikda faqat sun’iy intellekt qila olmaydigan loyihalar uchungina odamlarni ishga olishni rejalashtirmoqda.

“Sun'iy intellekt faqatgina samaradorlikni oshirish emas. U bizga maqsadimizga yaqinlashishda yordam beradi. Yaxshi ta’lim berish uchun juda ko‘p miqdorda kontent yaratishimiz kerak. Yaqinda qabul qilgan eng to‘g‘ri qarorlarimizdan biri sekin qo‘lda kontent yaratish jarayonini sun’iy intellekt boshqaradigan jarayonga almashtirish bo‘ldi. Sun’iy intellektsiz kontentimizni ko‘proq o‘quvchilarga moslashtirishimiz uchun o‘n yillab vaqt kerak bo‘lardi. Biz o‘quvchilarimiz oldida bu kontentni iloji boricha tezroq yetkazib berish majburiyatini olamiz”, — deydi kompaniya rahbari.

Luis fon Ana o‘zgarishlar kompaniya xodimlariga “takroriy vazifalar o‘rniga ijodiy ish va haqiqiy muammolarga e’tibor qaratish"ga yordam berishini kutmoqda.

2024-yilda Duolingo til o‘rganish ilovasi tarjimonlarni ishdan bo‘shatayotgani haqida xabar berilgandi.

Tarjimonlar Reddit tarmog‘ida Duolingo til o‘rganish xizmati tarjimonlarni ishdan bo‘shatib, ularni sun’iy intellekt bilan almashtirayotgani haqida yozishgan.

Duolingo o‘quv jarayonida birinchi marta generativ sun’iy intellektdan foydalana boshlagani o‘tgan yilning mart oyida ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya GPT-4 bilan o‘rganishni o‘z ichiga olgan Duolingo Max ro‘yxatini yaratdi.


Avvalroq Spot kompaniyalar 2026-yilda virtual sun’iy intellekt xodimlarini ishga olishni boshlashi haqida yozgandi.

Anthropic kompaniyasi top-menejeri Jeyson Klintonning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar ular uchun alohida lavozimlar, korporativ hisoblar va parollar yaratadi.