Senatning navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekistonda elektron sigaretalar muomalasini taqiqlashga qaratilgan qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Senator Bahrom Abdullayev so‘nggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari hamda ularning suyuqliklarini, jumladan, elektron sigaretalarni noqonuniy ravishda mamlakatga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘payayotganini qayd etdi. Bu esa bolalar va yoshlar orasida ularning iste’molini oshirmoqda.

Elektron sigaretalardan foydalanuvchilar yoshlar ulushi katta yoshdagilarga nisbatan besh baravar ko‘p. 30−70 yosh oralig‘idagi iste’molchilar 7 ming nafardan ortiqni tashkil etsa, 18−29 yosh oralig‘idagilar 32 mingdan ortiqdir.

“Eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari orasida qiziqish tez sur’atlarda oshmoqda. Tahlillar 30 mingga yaqin o‘g‘il bolalar, 9 mingga yaqin qizlar chekishga moyil ekanligini, 12 ming nafardan ortiq o‘smirlar elektron sigaretalarni muntazam chekishini ko‘rsatmoqda”, — dedi senator.

elektron sigaret, qonunchilik, senat, veyp, qonun loyihasi

Bu kabi mahsulotlarning inson va atrof-muhitga salbiy ta’sirini oldini olish maqsadida nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakat hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bu muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari va elektron sigaretalarni hamda ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutadi.

Xususan, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonunning 37-moddasi bilan aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan, elektron sigaretalarni noqonuniy muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Bunda ma’muriy javobgarlik ashyolari musodara qilinib, huquqbuzarlarga 37,5 mln so‘mdan 75 mln so‘mgacha jarima qo‘llaniladi. Agar bu harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, 150 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yilgacha ozodlik mahrum qilish belgilanmoqda.

Og‘irlashtiruvchi holatlar uchun ko‘p miqdorda guruh bo‘lib, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik qilish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. Agar huquqbuzar o‘z ixtiyori bilan aybini tan olib, hokimiyat organlariga arz qilsa va taqiqlangan mahsulotlarni topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Tamakini qizdirish tizimlarining noqonuniy muomalasi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosi uchun vakolatli organlarga, chakana savdo uchun esa soliq organlariga xabarnoma yuborish orqali amalga oshiriladi.

2024-yilning aprel oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini muhokama qo‘ygandi. 2025-yil boshiga kelib, mamlakatdagi partiyalar fraksiyalari qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. Qonunchilik palatasi esa yanvar oyida qonun loyihasini qabul qilgandi.

Avvalroq deputatlar xususiy sektorda xodimlarni ishdan bo‘shatishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasini rad etgani haqida xabar berilgandi.