Joriy yilning birinchi choragida “yashil” elektr energiyasi sotgan fuqarolarga 8 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya berildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yanvar-mart oylarida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini elektr tarmoqlariga o‘tkazgan 12 746 nafar jismoniy shaxsga budjetdan subsidiya berildi.
Xususan, 8,14 mln kVt/soat quyosh energiyasi uchun ajratilgan to‘lovlar miqdori 8,147 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu 2024-yilning butun davri uchun ajratilgan subsidiyalarning qariyb 67%ini tashkil etadi.
Shu bilan birga, mart oyining o‘zida 5,65 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirilgan. Uch oyda rasmiylashtirilgan subsidiyalar soni esa 22,2 mingtani (56% dan ortig‘i mart oyida) tashkil etdi.
Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm viloyatiga to‘g‘ri keladi — 2,67 mlrd so‘m (2 mlrd so‘mdan biroz ortig‘i mart oyida to‘langan). Undan keyingi o‘rinlarda 1,07 mlrd so‘m (martda — 774 mln so‘m) bilan Qoraqalpog‘iston hamda 693 mln so‘m (454 mln so‘m) bilan Buxoro viloyati turibdi. Yanvar mart oylarida Toshkent shahrida jami 585 mln so‘mlik (414 mln so‘m) subsidiyalar berilgan.
Aholidan elektr sotib olish
2023-yil boshida prezident aholi uchun quyosh energiyasidan foydalanuvchi tizim yaratish vazifasini qo‘ydi. Undan keyin hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilandi.
Dastur 1-apreldan amalga oshirila boshlandi. Uning doirasida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi bir kVt/soati uchun 1 000 so‘mdan davlat tomonidan sotib olinadi. Subsidiyalarni “Soliq” mobil ilovasi orqali olish mumkin.
O‘sha yilning iyun oyida aholi va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektrni sotish va unga subsidiya olish tartibi tasdiqlandi.
2024-yilning iyun oyida energotejamkor qurilmalarni o‘rnatganlarga tarifga nisbatan chegirma berilishi ma’lum qilindi. Ularga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma qo‘llaniladi.
2025-yilda aholi xonadonlari, kichik tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining kamida 40%ida quyosh panellari va suv kollektorlarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. 2027-yilgacha bu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish belgilandi.
Avvalroq yil boshidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiya miqdori 2 mlrd kVt/soatga yetgani haqida xabar berilgandi.