3-may kuni AQShning xilma-xillik immigratsion viza (DV-2026) dasturi natijalari e’lon qilinadi.
Green Card uchun arizalar 2024-yilning 2-oktabridan 7-noyabrigacha qabul qilingan. Dastur doirasida 2026-yil uchun turli millat vakillariga 55 mingtagacha vizalar ajratilishi belgilangan.
Javoblarni 3-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 dan boshlab dvprogramm.state.gov rasmiy sayti orqali tekshirish mumkin.
Bunda talabgorlar tasodifiy aniqlanadi. AQSh Davlat departamenti mintaqalar o‘rtasida vizalarni teng taqsimlaydi. Mamlakatlarga bir yil ichida mavjud DV’ning 7%idan ortig‘i berilmaydi.
G‘oliblar AQShda doimiy yashash va ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Viza ularga 10 yil muddatga beriladi.
Spot lotereya natijalarini qanday aniqlash hamda tasdiqlash kodi esdan chiqsa nima qilish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.
Yuqoridagi rasmiy sayt orqali kirgach, ekranda quyidagi oyna paydo bo‘ladi:
“Check Status” tugmasini bosib, keyingi oynaga o‘tish hamda ham undagi “Continue”, ya’ni davom etish tugmasini bosish kerak.
Undan keyingi ekranda arizachilardan tegishli ma’lumotlarni kiritish so‘raladi. Bular quyidagilar:
- tasdiqlash raqami;
- arizachi familiyasi;
- arizachining tug‘ilgan yili;
- autentifikatsiya (tasdiqlash belgilari).
Birinchi bo‘sh katakka (Confirmation Number) tasdiqlash raqami kiritilishi kerak. Bu raqam ariza to‘ldirilayotgan vaqtda beriladi.
Undan keyingi qadamda (Last/Family Name) arizachining familiyasi kiritiladi. Bunda familiya ariza topshirish vaqtida kiritilgani bilan bir xil bo‘lishi kerak. Ismni kiritish kerak emas
Uchinchi katakka (Year of Birth) tug‘ilgan yilni kiritish zarur. Oxirgi qadamda (Authentication) esa, ekranda paydo bo‘lgan autentifikatsiya belgilarini rasmda qanday berilgan bo‘lsa, shunday tartibda kiritish kerak.
Barcha ma’lumotlarni kiritib bo‘lgach, “Submit” tugmasi bosiladi. Shunday qilib, ekranda Green Card lotereyasi berilgan yoki berilmagani haqidagi ma’lumot paydo bo‘ladi.
Tasdiqlash raqami esdan chiqsa nima qilish kerak?
Agar arizachi tasdiqlash raqamini unutib qo‘ygan bo‘lsa, uni tiklash mumkin.
Buning uchun ma’lumotlarni kiritish bo‘limidagi “Tasdiqlash raqamini unutdim” (Forgot Confirmation Number) yozuvini bosish kerak. Undan keyin yangi oyna ochiladi.
Tasdiqlash raqamini olish uchun ishtirokchining birlamchi ma’lumotlari tekshiriladi. Birinchi navbatda Diversity Visa dasturi yilini tanlash kerak.
Keyingi qadamda arizachining familiyasi, ismi hamda otasining ismi kiritiladi. Agar dastur uchun ariza topshirish vaqtida ism yoki otasining ismi kiritilmagan bo‘lsa, “No First Name” va “No Middle Name” tugmalarini belgilash kerak.
Undan keyingi qadamda tug‘ilgan oy, kun va yil kiritiladi.
Keyingisida ariza shaklida foydalanilgan elektron pochta manzilini ko‘rsatish talab etiladi.
Oxirgi qadamda tasdiqlash kodini belgilangan katakchaga kiritish kerak.
Barcha kataklar to‘ldirilgach, “Submit” tugmasi bosiladi. Undan keyin, agar ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilgan bo‘lsa, arizani tekshirish oynasi ochiladi. Shu bilan natijalarni tekshirish mumkin bo‘ladi.
Natijalarni havola orqali tekshirish mumkin.