30-aprel kuni axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida vakolatli organ hisoblanadi. Banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari o‘z kundalik faoliyatida mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlashi ustuvor vazifasi sifatida ko‘rsatildi.
Shuningdek, kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasi, bank hisobraqami, SIM-kartasi hamda elektron hamyonidan foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zarar ular hisobidan undiriladi.
Jinoyat qonunchiligi bilan IT-sohasidagi jinoyatlar hamda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari kuchaytiriladi. Bunda jinoyat sodir etishda IT’dan foydalanish javobgarlik hamda jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.
Qarorga ko‘ra, har oy yakuni bo‘yicha tizimida eng ko‘p kiberjinoyatlar qayd etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati ommaga e’lon qilinadi.
Markaziy bank tomonidan aholi pul mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”) alomatlarini aniqlash hamda ular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Mamlakat miqyosida har yilning noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilinadi. Kiberjinoyatlarning shakllari va ularni sodir etish usullari to‘g‘risida ogohlantirish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlardagi maqsadli (target) reklama xizmatidan bepul tarzda foydalaniladi.
Markaziy bankka joriy yilning 1-sentabrigacha banklar, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari hamda kredit byurolarining tranzaksiyalari va boshqa zaruriy ma’lumotlarini regulyatorning yagona platformasiga integratsiya qilish topshirildi.
Shuningdek, Markaziy bank markazlashgan antifrod tizimini hamda banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining antifrod tizimlarini joriy etishni yakuniga yetkazishi kerak.
O‘tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bank kartalaridan to‘lovlarni amalga oshirish ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Ruxsat etilmagan operatsiyalar uchun bank kartalari va mobil ilova hisoblaridan foydalanish 3 kungacha cheklanishi mumkin.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda fintex sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dasturni ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.