Avvalroq Toshkentda pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlar loyihasi 8-maydan rasman ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi. May oyi oxirigacha Amir Temur xiyoboni, shuningdek, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon ko‘chalarida bu kabi avtoturargohlar tashkil etiladi.
2025-yilda 86 ta ko‘chada 13 208 ta avtomobilga mo‘ljallangan pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. 2026-yilda avtoturargoh o‘rinlari soni 36,8 mingtaga, 2030-yilga borib esa 84 mingtaga yetkaziladi.
5-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida poytaxtdagi Streetpark Systems avtoturargoh operatori vakillari kompaniya pulli to‘xtash joylari tashkil etiladigan yer ijarasi uchun yiliga qariyb 63 mlrd so‘m to‘lashini ma’lum qildi.
“Umuman olganda, shahar budjeti 2025-yilda taxminan 120 mlrd so‘mga to‘ldiriladi. Bu pullar yer ijarasi to‘lovi va Yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Shunday qilib, shahar pulli avtoturargohlardan foyda ko‘radi”, — dedi Streetpark Systems menejeri.
Pulli avtoturargohlar operatori ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov 55 mlrd so‘mni tashkil etadi, 2027-yilga kelib esa bu 120 mlrd so‘mgacha oshadi. Ushbu mablag‘lar shahar muhitini yaxshilashga yordam beradi.
Jarimalardan keladigan daromad yiliga o‘rtacha 44 mlrd so‘mni tashkil etadi. 2025-yilda soliq to‘lovlari uchun 8,5 mlrd so‘m, shuningdek, Poytaxt Parking mobil ilovasidan foydalanish uchun yana 9 mlrd so‘m sarflanadi.
Streetpark Systems ikki yil ichida texnik jihozlash va avtoturargoh infratuzilmasini rivojlantirishga kamida $10 mln investitsiya kiritish majburiyatini oladi.
Jumladan, mablag‘lar quyidagilarga yo‘naltiriladi:
- dasturiy ta’minot: uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz) mobil ilova, qoidabuzarlikni nazorat qilish tizimi, giperlokal tizimlar va davlat xizmatlari (GAI, MyGov va boshqalar) bilan integratsiya;
- infratuzilma ishlari: yo‘l harakatini tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish, asfalt yotqizish va bordyurlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l belgilari, axborot shitlari va videokuzatuv kameralarini o‘rnatish;
- to‘xtash joylarini boshqarishning kompleks tizimi: planshetli piyoda inspektorlar, statsionar qayd etish kameralari, avtomobillardagi mobil kameralar.
Toshkentda pulli avtoturargohlar
2024-yilning oktabrida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishga qaratilgan qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyi oxirigacha 13,2 mingta pulli “parkovka” tashkil etish, kelgusida ularni 84 mingtaga yetkazish rejalashtirilgandi.
Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kv.metrni tashkil etadi. Operator Toshkentning barcha tumanlaridagi ko‘chalardagi nuqtalarni uch yil muddatga boshqarishga oladi va ularni texnik jihozlash uchun kamida $5 mln investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.
Noyabr oyi oxirida o‘tkazilgan birinchi auksionda Balcomuz qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘lgandi. Kompaniya avtoturargohlar ijarasi uchun taxminan 120 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan.
Dekabr oyi o‘rtalariga kelib, Streetpark Systems poytaxt ko‘chalarida pulli “parkovka"larni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdolarda g‘olib chiqdi. Ushbu kompaniya auksionning ikkinchi bosqichida “parkovka” maydonlarini 3 yilga ijaraga olish uchun 62,93 mlrd so‘m taklif etdi.
Shuningdek, ushbu kompaniya pulli “parkovka” platformasini yaratish bo‘yicha tenderda ham g‘olib bo‘lgan. Mart oyida Streetpark Systems mobil ilova yaratish ustida ish olib borayotgani ma’lum bo‘ldi.
2-may kuni Toshkentda yo‘l bo‘yidagi birinchi pulli avtoturargohlar sinovdan o‘tkazilayotgani xabar berildi. Ulardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, bu yerda to‘xtash joyining narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi.