O‘zbekistondagi Bellissimo pitsaxonalari tarmog‘i Qozog‘iston bozoriga chiqmoqda. Bu haqda tarmoq matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Tarmoq yaqin vaqt ichida mamlakatdagi dastlabki restoranlarini ochishni rejalashtirgan. Birinchi bosqichda Ostonada uchta muassasa o‘z faoliyatini boshlaydi. Hozirda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, jumladan restoranning interyer dizayni bo‘yicha so‘nggi ishlar yakunlanmoqda.
Bu franshiza asosida amalga oshiriladimi, degan savolga Bellissimo Pizza ayni paytda Qozog‘iston bozoriga o‘z restoranlari bilan kirayotganini bildirdi. Qayd etilishicha, bu mahalliy talabning “o‘ziga xos xususiyatlarini chuqurroq tushunishga, tarmoq jarayonlarini moslashtirishga va kelajakda potensial franchayzilarni samarali qo‘llab-quvvatlashga” yordam beradi.
Nima uchun ushbu mamlakat tanlangani esa Qozog‘iston rivojlanayotgan bozor ekanligi hamda u yerda umumiy ovqatlanishning yangi formatlariga qiziqish yuqoriligi bilan izohlandi.
“Biz Qozog‘istonni butun Markaziy Osiyo bo‘ylab Bellissimo Pizza’ni yanada rivojlantirish uchun strategik start sifatida ko‘ramiz. Ishonchimiz komilki, o‘zbek va qozoq xalqlarining madaniy qardoshligi muvaffaqiyatli ishga tushirish uchun qulay sharoit yaratadi”, deydi tarmoq matbuot xizmati.
Shu bilan birga, kompaniya o‘z restoranlari dizaynini mahalliy an’analarga moslashtirishi qayd etildi.
2023-yilning may oyida Bellissimo Pizza asoschisi Farruh Abdullayev Spot’ga nega biznesda joylashuv muhimligi, nima uchun bepul yetkazib berish xizmatini to‘xtatmasliklari, xatolari va ushbu biznesga qancha mablag‘ bilan kirish mumkinligi va boshqalar haqida so‘zlab bergandi.
Avvalroq AQShning Krispy Kreme ponchiklar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar berilgandi.