12-may kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Crypto Magnat kompaniyasiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati uchun litsenziya berildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, agentlik direktorining 6-maydagi tegishli buyrug‘i bilan kompaniya O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi o‘n ikkinchi kripto-do‘kon bo‘ldi.

Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, Crypto Magnat joriy yilning 9-mart kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida tashkil etilgan.

Kompaniya axborot xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Uning ustav fondi 500 mln so‘mni tashkil etadi. 100% ulushdor Yakvalxodjayev Asatilla Suratovich, rahbar esa Komilov Sardor Doniyor o‘g‘li hisoblanadi.

Joriy yilning fevral oyida ILMA City Pay Gate qo‘shma korxonasiga kripto-depozitariy hamda kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi. Mart oyida Asterium o‘n birinchi kripto-do‘konga aylangandi. Shu bilan birga, kompaniya kripto-depozitariy hamda kripto-birja faoliyatlari uchun ham litsenziya olgan.

Kripto bozor talablari

2024-yilning dekabrida agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgiladi. Bojlar miqdori litsenziya rasmiylashtirish vaqtida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorlarida hisoblanadi.

Bunda har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi miqdorlar undiriladi:

  • mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
  • kripto-do‘kon — BHMning 3 700 baravari (1,387 mlrd so‘m);
  • kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
  • kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).

ILMA boj miqdori va uni to‘lash tartibi jahon tajribasi hamda sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar tavsiyalari asosida belgilangani qayd etdi. Shuningdek, bu mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lishi nazarda tutilgan.

Joriy yil boshida kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan buxorolik 17 yoshli yigit ishi yopilgandi.

Avvalroq Binance asoschisi Qirg‘iziston prezidentining raqamli aktivlar bo‘yicha maslahatchisiga aylangani haqida xabar berilgandi.