Binance kriptobirjasi asoschisi Chanpen Chjao Qirg‘iziston prezidentining raqamli aktivlar bo‘yicha maslahatchisi bo‘ladi, deya xabar bermoqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati.
3-may kuni Chanpen Chjao Qirg‘izistonga amaliy tashrif bilan keldi va prezident Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar mamlakada virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek, kiberxavfsizlik va raqamli tahdidlarga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildilar.
Binance asoschisi raqamli aktivlar sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Xususan, u Qirg‘iziston mutaxassislariga raqamli milliy valyutani joriy etish bo‘yicha maslahat berishga va mutaxassislarni tayyorlash uchun ta’lim dasturlarini tashkil etishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
4-may kuni virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, ularni davlat boshqaruvi va mamlakatning asosiy sohalarida qo‘llash maqsadida tashkil etilgan Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Milliy kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Kengashning yangi a’zolari etib Chanpeng Zhao hamda Binance kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrika bo‘yicha mintaqaviy rahbari Kirill Xomyakov tayinlandi.
Investitsiyalar bo‘yicha milliy agentlik direktori Farxat Iminov blokcheyn, kripto-zaxira negizida raqamli somni yaratish va steyblkoin ishlab chiqarishni ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgiladi.
Buning uchun xalqaro tajribani o‘rganish hamda Binance va BNB chain bilan kripto zaxirasini tashkil etish, uning tarkibini belgilash, xatarlarni baholash, aktivlarni taqsimlash modelini ishlab chiqish va xavfsizlik hamda shaffoflik bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish masalalarida hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi va Binance o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Coindesk xabar berishicha, Qirg‘iziston uchinchi chorakda USDKG steyblkoinini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu token oltin bilan ta’minlangan va AQSh dollari kursiga bog‘langan bo‘ladi. Moliya vazirligi steyblkoinni ta’minlash uchun $500 mln ajratadi, kelajakda esa zaxiralar $2 mlrdgacha kengaytirilishi kutilmoqda.
Token transchegaraviy o‘tkazmalar va xalqaro savdo uchun mo‘ljallangan bo‘lib, dastlab Markaziy Osiyoga, keyinchalik Janubi-Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharqqa yo‘naltirilgan.
2025-yil yanvar oyida O‘zbekistonda dunyodagi eng yirik Binance kriptovalyuta birjasi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Coinpay bilan hamkorlikdagi platformada foydalanuvchilar milliy valyutadagi mablag‘larni bank kartalari orqali to‘ldirishlari va yechib olishlari mumkin.
Avvalroq Spot ILMA Asteriumga O‘zbekistondagi uchinchi kripto-birjani ochish uchun litsenziya bergani haqida yozgandi. Mart oyida kompaniya kripto-do‘kon hamda kripto-depozitariy faoliyatlari uchun litsenziya olgandi.