Avvalroq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan onlayn-platforma va saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoyalashga qaratilgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.
Loyiha bilan foydalanuvchilar, blogerlar, inflyuyenserlar va saytlar egalarining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Xususan, ular O‘zbekiston qonunchiligi va onlayn platformalardan foydalanish qoidalariga muvofiq o‘z ijodiy, tijorat va boshqa faoliyatidan daromad olish huquqiga ega.
Bunda inflyuyenserlar va sayt egalari onlayn resurslar (saytda, akkauntda yoki ommaviy hamjamiyatda) joylashtiriladigan reklama yoki boshqa daromad keltiruvchi faoliyatdan olingan daromadlardan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashlari lozim.
Shuningdek, ularning majburiyatlari qatoriga quyidagilar kiradi:
- tarqatilayotgan kontentning to‘g‘riligini tekshirish;
- akkaunt, saytlar va hamjamiyatlarda noqonuniy kontent joylashtirilishining oldini olish;
- sharhlarni monitoring qilish, noqonuniy kontentlarni aniqlash va o‘chirish — agar resursda sharh qoldirish imkoniyati mavjud bo‘lsa;
- yolg‘on axborotni (feyklarni) o‘chirish yoki feyklar mavjud bo‘lgan kontentlarda maxsus belgi qo‘yish;
- agar yolg‘on ma’lumotlar boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazsa, raddiya e’lon qilish;
- qayta aloqa uchun kontakt ma’lumotlarini ochiq joylashtirish.
Agar inflyuyenser talablarni buzsa, AOKA unga qoidabuzarliklarni bartaraf etish talabi bilan ko‘rsatma yuboradi. Bu talab 10 kun ichida bajarilishi kerak, aks holda agentlik onlayn platforma mulkdori yoki uning vakiliga qoidabuzarning akkauntini 6 oygacha muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi taqdimnoma yuborishi mumkin.
Jismoniy va yuridik shaxslarga murojaat qilish va qayta aloqa o‘rnatish ma’lumotlarini e’lon qilmagan inflyuyenser va veb-sayt egasiga o‘z akkaunti va hamjamiyatlarida reklama joylashtirish taqiqlanadi.
Yuridik shaxs bo‘lgan taqdirda, belgilangan talablarni bajarish majburiyati saytlar, akkauntlar va hamjamiyatlarni yuritishga mas’ul xodimga yoki tashkilotning mansabdor shaxsiga yuklatiladi.
Bundan tashqari, “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, onlayn platformalarda reklama, shu jumladan, targetlangan reklama to‘g‘risidagi ma’lumotlar oxirgi marta joylashtirilganidan keyin bir yil davomida xavfsiz saqlov joyida saqlanishi kerak.
Qonun loyihasi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 27-mayigacha qabul qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda boy aholini soliqqa tortishning alohida tizimini yaratish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Soliq qo‘mitasi eng yuqori hamda xorijda olingan daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning to‘liq bazasini shakllantiradi.