Avvalroq Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan onlayn-platforma va saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoyalashga qaratilgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat loyihasi bilan axborotni noqonuniy kontent sifatida belgilash tartibi va ularni o‘chirish, tarqatishni to‘xtatish choralari belgilanmoqda. Noqonuniy kontentga quyidagi ma’lumotlar kiradi:
- konstitutsiyaviy tuzumni, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan;
- ommaviy tartibsizliklarga, zo‘ravonlik qilishga qaratilgan;
- jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot;
- urush, zo‘ravonlik va terrorizm, shuningdek ekstremizm, separatizm g‘oyalari, ekstremistik va terroristik tashkilotlarning atributlari va ramzlari;
- davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etuvchi;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi;
- davlat ramzlariga hurmatsizlikni ko‘rsatuvchi nomaqbul shaklda ifodalangan;
- giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashviqot qiluvchi;
- pornografiya, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi, o‘z joniga qasd qilishga da’vat etuvchi ma’lumotlar;
- fuqarolar sog‘lig‘iga tahdid soluvchi harakatlarni sodir etishga undash yoki boshqacha tarzda jalb qilishga qaratilgan;
- fishing va spam resusrlarga havolalar.
Saytlar va platformalarda noqonuniy kontentni aniqlash bo‘yicha monitoring AOKA tomonidan amalga oshiriladi. Agar noqonuniy kontent aniqlansa, 1 ish kuni ichida kontentning noqonuniy deb topilishi asos va belgilari ko‘rsatilgan holda xulosa tayyorlanadi.
Xulosa asosida 24 soat ichida sayt egasi, platforma foydalanuvchisi yoki hamjamiyat moderatoriga noqonuniy kontentni o‘chirish, tarqatishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma yuboriladi. Sayt egasi yoki platforma foydalanuvchisi ko‘rsatma olingandan keyin 12 soat ichida uni bajarishga majbur hamda bu to‘g‘risida AOKAni xabardor qilishi shart. Agar ko‘rsatma bajarilmasa, agentlik 24 soat ichida sayt egasiga yoki uning vakiliga kontentni o‘chirish talabi bilan taqdimnoma yuboradi.
Foydalanuvchi yoki moderator bir yilda uch martadan ortiq noqonuniy kontentni o‘chirish, uning tarqatilishini to‘xtatish talablarini bajarmasa, AOKA 24 soat ichida tegishli onlayn-platforma mulkdori yoki uning vakiliga foydalanuvchi akkaunti yoki ommaviy hamjamiyatning O‘zbekiston hududidagi faoliyatini 6 oygacha to‘xtatish to‘g‘risidagi taqdimnomani yuboradi. Sayt egasi esa ularni bu haqida xabardor qilishi kerak.
Agar platforma egasi yoki uning vakili taqdimnomalarni qanoatlantirmasa, vakolatli organ bir oy ichida noqonuniy kontentni o‘chirish, uning tarqatilishini to‘xtatish yoki foydalanuvchining akkaunti yoki ommaviy hamjamiyat faoliyatini 6 oygacha to‘xtatish bo‘yicha da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Sud qarorlarini bajarmaydigan platformalar uchun O‘zbekiston hududida ulardan foydalanish tezligini pasaytirish ko‘zda tutilgan. Cheklovga tushgan domen nomlari va tarmoq manzillari haqidagi ma’lumotlar foydalanish tezligi pasaytirilgan onlayn-platformalar va kirish cheklangan veb-saytlar reyestriga kiritiladi.
AOKA talablar bajarilmasa saytlarning identifikatsiya ma’lumotlarini reyestrag kiritadi. Agentlik saytga kirishni cheklash bo‘yicha tashkiliy va dasturiy-texnik chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi hamda kirishni cheklash uchun asoslarni ko‘rsatgan holda bu haqda uning egasini xabardor qiladi.
Noqonuniy kontent veb-saytning bir yoki bir nechta sahifalarida tarqatilgan bo‘lsa ham, veb-saytga kirish butunlay cheklanadi. AOKA unga kirish cheklanganligi, cheklash asoslari to‘g‘risidagi axborot xabari va aloqa ma’lumotlarini ko‘rinadigan tarzda joylashtiradi.
Qonun loyihasi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 27-maygacha qabul qilinadi.