Nissan kompaniyasi qayta tuzilish doirasida 11 mingdan ko‘proq ishchi o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Japan Times xabar berdi.
2024-yil noyabr oyida ishlab chiqaruvchi “avtomobil bozorida raqobat kuchaygani” sababli 9000 nafar xodim ishdan bo‘shatilishi haqida xabar bergan edi.
Nashrning ta’kidlashicha, endi ishdan bo‘shatilganlarning umumiy soni 20 mingga yoki shtatning taxminan 15%iga yetadi.
Nissan izoh berishdan bosh tortdi. 2025-yil 13-mayda kompaniya yillik moliyaviy hisobotini e’lon qilishi kerak, deb yozadi Bloomberg.
2024-yil dekabr oyida ommaviy axborot vositalari manbalari Honda va Nissan kompaniyalari bitta xoldingga birlashish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida ma’lumot bergan edi.
Shuningdek, kompaniyalar ushbu birlashmaga Mitsubishini ham jalb qilishni mo‘ljallaganlar. Birlashmaning asosiy maqsadi avtomobillarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish edi.
Biroq 2025-yil fevral oyida tomonlar qo‘shilish rejalaridan rasman voz kechib, “strategik hamkorlar” sifatida hamkorlik qilishga qaror qilishdi.
Shundan so‘ng Nissan bosh direktorini almashtirdi va 1-aprelda Makoto Uchidaning o‘rnini rejalashtirish bo‘yicha direktor Ivan Espinosa egalladi.
The Japan Times’ning ta’kidlashicha, kompaniyaning asosiy bozorlarda taklif etish mumkin bo‘lgan “kuchli” gibrid avtomobillar qatori mavjud emas.
Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi AQShning bojxona to‘lovlari va ortib borayotgan qarz majburiyatlariga duch kelmoqda.
Avvalroq Spot Panasonic 10 ming xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ishdan bo‘shatishlarning yarmi Yaponiyaga, qolgan yarmi esa boshqa mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.