Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, tegishli qaror imzolangan kundan boshlab qator yengilliklar joriy qilinadi.
Xususan, soat 23:00 dan 06:00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.
Hozirgi kunda avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan.
Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yo‘nalishlari o‘z ishini tugatishini hisobga olib hamda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin bo‘ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.
“A” tasmali yo‘l
2022-yilning dekabridan Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etila boshlandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.
2023-yil oxiriga kelib esa, avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan avtomobillar aniqlanib, jarimalarga tortildi.
Masalan, videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175 ta avtomobilni aniqladi. Buning uchun haydovchilar 680 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
2024-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi avtobus yo‘lagida harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun jarima joriy etilishini ma’lum qildi.
Dastlab birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun BHMning 3 baravari (1,12 mln so‘m), takror sodir etilganda BHMning 5 baravari (1,87 mln so‘m) miqdorida jarima belgilash taklif etilgandi. Biroq, quyi palata xorij tajribasi asosida uning miqdorini kamaytirdi.
Avvalroq IIV tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.