13-may kuni avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida o‘tkazilgan onlayn auksionda jami 659 ta avtoraqam sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan 644 tasi jismoniy shaxslar, qolgan 15 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan avtomobil raqamlariga to‘g‘ri keladi. Eng arzon avtoraqam 1,9 mln so‘mga sotildi.
Savdo maydonchasida xarid qilingan eng qimmat “chiroyli” avtoraqam 421,1 mln so‘mni tashkil etdi.
Bu 2-may kuni auksionda qayd etilgan rekord narx (422,3 mln so‘m) bilan deyarli teng ko‘rsatkichdir. Endi savdoni yakunlash uchun xaridor to‘lovni amalga oshirishi va avtoraqamni ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Joriy yilning o‘tgan davri bo‘yicha eng qimmat avtoraqam 10-yanvar kuni birja savdolari orqali sotilgan avtoraqam bo‘lib qolmoqda. Uning qiymati 509,6 mln so‘mni tashkil etgan.
O‘tgan yilning 24-dekabr kuni o‘tkazilgan auksionda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — 965,3 mln so‘m yoki $75 mingga sotilgandi. Bu undan bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75%ga yuqoridir.
Avvalroq O‘zbekneftgaz 5 ta xizmat avtomobilini auksionga chiqargani haqida xabar berilgandi.