Ilon Mask besh yildan keyin ham Tesla kompaniyasini boshqarishni davom ettirishini, siyosatdan chetlashmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda u Bloomberg agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, Maskning bu bayonotidan so‘ng Tesla kompaniyasi aksiyalari 3,6%ga ko‘tarildi.
Investorlarni tinchlantirish maqsadida, biznesmen kelajakda siyosatga “ancha kamroq” vaqt ajratishini va’da qildi, chunki uning fikricha, u allaqachon yetarlicha ish qilgan.
Aprel oyida u Oq uydagi ish vaqtini haftasiga bir-ikki kungacha qisqartirishini ta’kidlagan edi. Oq uy apparati rahbari Syuzan Uaylsning aytishicha, Mask amalda DOGE’da masofaviy ish rejimiga o‘tgan.
Milliarderning aytishicha, u Tesla aksiyalarining ko‘proq qismiga ega bo‘lishni yanada boyib ketish istagi tufayli xohlamayapti.
“Bu pul masalasi emas, bu kompaniyaning kelajagini oqilona boshqarish masalasidir”, — dedi u.
May oyi boshida Tesla Ilon Mask o‘rniga yangi bosh direktor izlayotgani haqida xabar berilgandi.
Bu investorlarning kompaniya aksiyalari pasayishi va Maskning AQSh prezidenti ma’muriyatida ko‘p vaqt sarflaganidan noroziligi fonida sodir bo‘ldi.
Keyinchalik Tesla’ning ayrim xodimlari milliarder Ilon Maskdan rasman iste’foga chiqishni so‘rashdi, chunki uning “siyosiy faolligi” kompaniyaga ko‘plab muammolar keltirib chiqarmoqda.
Ularning fikricha, bosh direktorning xatti-harakatlari brendning asosiy maqsadi — elektr transport vositalarining rivojlanishini tezlashtirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf solmoqda, iste’molchilarning aksariyatini o‘zidan uzoqlashtirmoqda va avtomobillarning o‘zini siyosiylashtirmoqda.
Avvalroq Spot Ilon Mask Texasda o‘z shahrini qurishi haqida yozgandi.
Janubiy Texas aholisi Maskning Starbase kosmik bazasida yangi shahar barpo etish tashabbusini ma’qulladi.