Tesla direktorlar kengashi Ilon Mask o‘rniga yangi bosh direktor izlamoqda, deb yozadi The Wall Street Journal manbalarga tayanib.

Suhbatdoshlarga ko‘ra, direktorlar kengashi taxminan bir oy oldin qidiruv haqida o‘ylagan va o‘sha paytda bir nechta rahbarlarni tanlash kompaniyalari bilan bog‘langan.

Bu Tesla aksiyalarining pasayishi va investorlarning Mask AQSh prezidenti ma’muriyatida ishlashga haddan tashqari ko‘p vaqt sarflayotganidan noroziligi fonida sodir bo‘ldi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Donald Trampning saylovlardagi g‘alabasidan so‘ng, Maskning prezident bilan yaqin aloqalari kompaniya biznesiga foyda keltirishi kutilayotgani sababli Tesla aksiyalari keskin oshdi.

Tesla’ning bozor qiymati dekabr oyida rekord darajadagi $1,5 trlnga yetdi, ammo shundan beri taxminan $900 mlrdga tushib ketdi. 2025-yil boshida kompaniyaning ba’zi xodimlari Maskning siyosiy faoliyatini “biznes uchun og‘ir yuk” deb hisoblay boshladi, deb yozadi WSJ.

Biznesmenning ziddiyatli bayonotlari tufayli Tesla nafaqat AQSh, balki Yevropa bozorlarida ham obro‘sini yo‘qota boshladi. U Germaniya va Buyuk Britaniyadagi o‘ta o‘ng siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlagach, avtomobil egalari Mask siyosatidan o‘zlarini ajratish uchun mashinalariga stikerlar yopishtira boshladilar.

Bunga qo‘shimcha ravishda, Trampning Xitoy tovarlariga qo‘ygan bojxona tariflari Teslaning Cybercab va Semi elektr yuk mashinalarini ommaviy ishlab chiqarish rejalarini barbod qildi.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Delaver sudi Maskka Tesla kompaniyasidan $55 mlrdlik mukofot paketini bekor qilganidan so‘ng, tadbirkor o‘ziga yaqin kishiga endi kompaniya bosh direktori lavozimida qolishni istamasligini, biroq bu vazifada uni hech kim munosib almashtirolmasligidan tashvishda ekanligini tan olgan.

Tadbirkor, kompaniyaning taxminan 13%iga egalik qilishiga qaramay, so‘nggi yetti yil davomida haq olmasdan ishlaganidan norozilik bildirgan. Tesla direktorlar kengashi yaqinda rahbariyatga mukofot to‘lash masalasini hal etish uchun maxsus qo‘mita tuzdi.

O‘tgan hafta Tesla birinchi chorakda foydaning 71%ga pasaygani haqida hisobot berganida, Mask o‘zi boshqaradigan Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) da ishlash vaqtini qisqartirishga va o‘ziga tegishli kompaniyalarga e’tibor qaratishga va’da berdi.

2025-yilning dastlabki uch oyida Tesla mijozlarga 336,7 mingga yaqin avtomobil yetkazib berdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga kam. Bu 2022-yildan beri eng yomon choraklik ko‘rsatkichlardir.


Avvalroq Donald Tramp kelajakda Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish departamenti (DOGE) o‘z faoliyatini yakunlashini, Ilon Maskning biznesga qaytishinima’lum qilgandi.