Ilon Mask Texas shtatidagi Starbase shahrini tashkil etish bo‘yicha ovoz berishda g‘alaba qozondi, deya xabar bermoqda Bloomberg nashri.
Qayd etilishicha, Janubiy Texas aholisi Ilon Maskning Starbase kosmik bazasida yangi shahar barpo etish tashabbusini ma’qulladi.
Okrug saylov komissiyasi e’lon qilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, taklif mutlaq ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi: 212 ovoz tarafdor, 6 ovoz qarshi chiqdi.
Shu bilan birga, birinchi shahar amaldorlari ham saylandi — uchala nomzod ham SpaceX xodimlari bo‘lib, raqobatchilarsiz saylovda ishtirok etishdi.
1,45 kvadrat mil maydonli hududning deyarli barcha aholisi sohil bo‘yidagi shaharchada ustuvor bo‘lgan ishlab chiqarish obyektida ishlaydigan Maskning xodimlari yoki ularning oila a’zolaridir.
So‘nggi yetti yil ichida SpaceX Boka Chika deb ataluvchi hududni butunlay o‘zgartirib, uni qudratli Starship raketasini ishlab chiqarish uchun rivojlangan ishlab chiqarish maydoniga aylantirdi.
Inkorporatsiya Maskka har qanday qoidani o‘rnatishda to‘liq erkinlik bermasa-da, yangi shaharga hududning rivojlanish sur’atini mustaqil ravishda belgilash huquqini beradi. Shahar komissiyasi qurilish loyihalari va jamiyat hayotining kundalik jihatlari ustidan nazorat o‘rnatadi.
SpaceX vakillari kompaniyaning bosh qarorgohi yaqinida yuzlab xodimlarni yetarli turar joy bilan ta’minlay olmaganini ma’lum qilishdi. Yaqinda qo‘shimcha taunhauslar qurish bo‘yicha urinish tuman hokimiyati tomonidan rad etildi.
Hozirgi kunda Texasning janubiy chekkasidagi anklavda ishchilar va ularning oilalari bilan birga 500 ga yaqin kishi istiqomat qilmoqda, yana 3100 nafar xodim har kuni Braunsvill va boshqa aholi punktlaridan kelib-ketmoqda.
O‘tgan yilning dekabrida SpaceX AQShning Texas shtatidagi Kemeron okrugi sudyasidan Starbase kosmodromini rasman shahar sifatida tan olishni so‘ragan edi.
Ilon Mask mahalliy sudya Trevinodan “SpaceX” kompaniyasi raketalarni uchiradigan kosmik baza — Starbasening shahar maqomini olish imkoniyati bor-yo‘qligini aniqlash uchun saylov o‘tkazish iltimosi bilan murojaat qilganini e’lon qildi.
2023-yilda Ilon Mask Texasda o‘z xodimlari uchun shahar qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Kelajakdagi turar-joy uchun joy shtatning ma’muriy poytaxti — Ostin shahridan 35 milya (taxminan 56 km) uzoqlikda joylashgan.
Modulli uylar allaqachon Bastrop okrugidagi sobiq qishloq xo‘jaligi yerlarida o‘rnatilib, 110 ta doimiy uy-joy qurilishi boshlangan.
Avvalroq Spot Tesla Ilon Mask o‘rniga yangi bosh direktor izlayotgani haqida yozgandi.
Bu investorlarning kompaniya aksiyalari pasayishi va Maskning AQSh prezidenti ma’muriyatida ko‘p vaqt sarflaganidan noroziligi fonida sodir bo‘ldi.