Joriy yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, birinchi chorakda O‘zbekistonning davlat qarzi $42,43 mlrdga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytidagi ma’lumotlarda keltirilgan.
Ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobar — $7,08 mlrdga o‘sdi, yil boshi bilan taqqoslaganda esa $2,22 mlrdni (+5,5%) tashkil etdi. Davlat qarzining YIMga nisbati 31,7%dan 33,5%ga oshgan.
Davlat qarzining asosiy qismi — 84%ini tashqi qarz tashkil etadi, uning ulushi 20%ga oshib, $29,46 mlrddan $35,55 mlrdga yetdi. Ichki qarz esa 16,8% ga o‘sish bilan $6,87 mlrd bo‘lgan.
Yanvar-mart oylarida tashqi qarzning asosiy qismi — 47%i ($16,81 mlrd) budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Yoqilg‘i-energetika sohasiga $5,88 mlrd (17%), qishloq va suv xo‘jaligi — $3,04 mlrd (9%), uy-joy kommunal xo‘jaligi — $2,9 mlrd (8%) hamda transport va transport infratuzilmasi $2,86 mlrd (9%) ajratilgan.
Kreditorlar qatorida tashqi qarz tarkibida xalqaro moliya institutlari yetakchilik qilmoqda — $19,26 mlrd yoki jamiga nisbatan 54%:
- Jahon banki — $7,74 mlrd (tashqi qarzning 22%i);
- Osiyo taraqqiyot banki — $7,45 mlrd (21%);
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $1,66 mlrd (5%);
- Islom taraqqiyot banki — $932 mln (3%);
- Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $650 mln (2%);
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $374 mln (1%).
Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 30%ini — $10,63 mlrdni tashkil etadi:
- Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,64 mlrd (10%);
- Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,07 mlrd (9%);
- Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,02 mlrd (3%);
- Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $745 mln (2%);
- Germaniya (Germaniya davlat banki) — $445 mln (1%).
- Saudiya Arabistoni (Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi) — $136 mln.
Bundan tashqari, tashqi qarzning 16%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Uch oyda xalqaro obligatsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $2,77 mlrdga oshib, $5,66 mlrdni tashkil etdi.
2025-yilda mamlakat nomidan jalb qilinadigan tashqi qarzning yillik miqdori $5,5 mlrd etib belgilangan. Shundan budjet taqchilligini moliyalashtirishga $3 mlrdi yo‘naltiriladi.
O‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekistonning davlat qarzi 2023-yilga nisbatan $5,27 mlrdga o‘sib, $40,19 mlrdni tashkil etdi. O‘sishning asosiy qismi davlat tashqi qarzi hissasiga to‘g‘ri kelib ($33,72 mlrd), o‘tgan yil davomida unga $4 mlrddan ortiq mablag‘ qo‘shilgan.
Avvalroq XVJ O‘zbekiston uchun asosiy ichki xatarlar sifatida budjet defitsiti va davlat qarzining oshishini qayd etgani haqida xabar berilgandi.