Binance’da O‘zbekiston rezidentlari uchun P2P-o‘tkazmalari funksiyasi vaqtincha to‘xtatildi.

P2P (peer-to-peer) funksiyasi orqali foydalanuvchilar vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro kriptovalyuta almashishlari mumkin. Bu Binance platformasida to‘lov usuli va kontragentni mustaqil ravishda tanlash orqali raqamli aktivlarni sotib olish va sotish imkonini beradi. Endilikda O‘zbekiston rezidentlari uchun bu funksiya mavjud emas.

Platformadagi cheklovni foydalanuvchilarning o‘zlari aniqlagan. Binance vakillari Spot’ga izohida bu qaror mahalliy qonunchilikka rioya qilish bilan bog‘liqligini tushuntirdi.

“Binance P2P'da o‘zbek so‘mini (UZS) qo‘llab-quvvatlashning to‘xtatilishi kompaniyaning mamlakat qonunchiligiga amal qilishi va huquqiy me’yorlarga muvofiq faoliyat yuritishga bo‘lgan sodiqligini namoyish etishdagi muhim qadamdir”, — deya ta’kidlanadi kompaniyada.

Shu bilan birga, Binance rasmiy hamkori — Coinpay kompaniyasi orqali O‘zbekistonda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Foydalanuvchilar uchun bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutadagi mablag‘larni to‘ldirish va yechib olish imkoniyati saqlanib qolmoqda. Kompaniya mijozlarning mablag‘lari xavfsiz ekanligiga ishontirmoqda.

Bundan tashqari, kripto-birja o‘tkazmalar to‘xtatilishi sabablariga izoh bergani yo‘q, mahalliy qonunchilik talablarining aynan qaysi jihatlari bunday qarorga asos bo‘lganiga aniqlik kiritilmadi.

Binance O‘zbekistonda

2022-yilda Binance va boshqa xalqaro birjalarning saytlari bloklangandi, 2024-yilda esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) platformani litsenziyasiz ishlаgани uchun 102 mln so‘m jarimaga tortdi.

Sud jarayoni ikki oydan ortiq davom etib, regulyator foydasiga yakunlandi. Binance barcha talablarni bajarib, mahalliy qonunchilikka rioya qilgan holda bozorga qaytishga erishdi. Kompaniya litsenziyalangan mahalliy Coinpay platformasi bilan hamkorlik o‘rnatdi.

Joriy yilning mart oyida Binance’ning Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrika bo‘yicha mintaqaviy rahbari Kirill Xomyakov Spot’ga bergan intervyusida kompaniyaning mahalliy tartibga solishga qanday moslashgani, foydalanuvchilar uchun nimalar o‘zgargani va O‘zbekiston kripto-bozorini qanday istiqbollar kutayotgani haqida so‘zlab bergandi.

Avvalroq Binance asoschisi Qirg‘iziston prezidentining raqamli aktivlar bo‘yicha maslahatchisiga aylangani haqida xabar berilgandi.