Centrum Air xususiy aviakompaniyasi 28-may kuni yangi tor fyuzelyajli A320neo samolyotini qabul qilib oldi. Bu haqda xususiy aviakompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Ishlab chiqaruvchining Tuluzadagi zavodidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan havo kemasi yangi avlod dvigatellari har bir kilometr uchun yoqilg‘i sarfini 20% gacha pasaytiradi. Bu bitta samolyot uchun karbonat angidrid chiqindilarini yiliga taxminan 5 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, aviakompaniyada qayd etilishicha, ekologik me’yorlarga muvofiq bo‘lish uchun shovqin darajasi ham ikki baravar pasaytiriladi.

“Biz nafaqat flotni kengaytirishga, balki yanada zamonaviy va ekologik yechimlarni joriy etishga intilamiz”, — dedi Centrum Holding asoschisi va raisi Abdulaziz Abdurahmonov.

Yangi Airbus A320neo tez orada aviakompaniya yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.

Joriy yilning aprel oyi oxirida Centrum Air birinchi keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini qabul qilgandi. 347 yo‘lovchiga mo‘ljallangan laynerning yoshi 15,5 yildan ortiq. So‘nggi foydalanuvchi Irlandiyaning Aergo Capital lizing kompaniyasi bo‘lgan.

Ayni paytga kelib, mazkur xususiy aviakompaniyaning havo flotidagi samolyotlar soni to‘qqiztani tashkil etadi: oltita Airbus A320, ikkita A321neo va bitta A330−300. Havo kemalarining o‘rtacha yoshi 12 yoshdan sal ko‘proq. Shuningdek, tashuvchi yana uchta yangi bort kelishini kutmoqda.

Avvalroq My Freighter yuk aviakompaniyasi sakkizinchi — Boeing 767−300 samolyotini qabul qilib olgani haqida xabar berilgandi.