My Freighter kompaniyasi 3-may kuni Chexiyaning Ostrava shahridan Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan sakkizinchi Boeing 767−300 yuk samolyotini qabul qilib oldi. Bu haqda Spot’ga xususiy aviakompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Planespotters.net portalining xabar berishicha, ushbu havo kemasi 1993-yil oxirida AQShning Everett shahrida ishlab chiqarilgan. 2024-yil fevralgacha bu yo‘lovchi samolyotini Germaniyaning Condor aviatashuvchisi foydalanishda bo‘lgan.

Laynerning so‘nggi egasi sifatida Amerikaning Cargo Aircraft Management (CAM) kompaniyasi ko‘rsatilgan, taxminlarga ko‘ra, samolyot undan lizingga olingan. 2024-yil avgust oyi oxiridan 2025-yil mart oyi oxirigacha samolyot Boeing 767−300 dan 767−300 (F) yuk komplektatsiyasiga o‘zgartirildi.

My Freighter’ning ta’kidlashicha, keng fyuzelyajli Boeing 767−300 yuk samolyoti butun dunyo bo‘ylab yetkazib berishning maksimal moslashuvchanligi va tezkorligini ta’minlaydi.

Hozirgi kunda My Freighter yuk aviakompaniyasining havo flotida sakkizta samolyot mavjud: yettita Boeing 767−300 va bitta Boeing 757−200. Havo kemalarining o‘rtacha yoshi taxminan 30 yilni tashkil etadi.


Avvalroq Spot Centrum Air aviakompaniyasi birinchi keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini qabul qilgani haqida yozgandi.

347 yo‘lovchiga mo‘ljallangan laynerning yoshi 15,5 yildan ortiq. So‘nggi foydalanuvchi Irlandiyaning Aergo Capital lizing kompaniyasi bo‘lgan.