Transport sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi ayrim xizmatlar vaqtincha ishlamaydi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik veb-resurslari faoliyatini optimallashtirish va Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi serverlari yuklamalarni qabul qilish imkoniyatini oshirish maqsadida 29-may ish kuni yakuni bilan tarmoq infratuzilmasini ko‘chirish hamda profilaktika ishlari boshlanadi.
“Mazkur jarayonda Transport sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan barcha axborot tizimlari vaqtincha ishlamasligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Xususan, quyidagi axborot tizimlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi:
- E-avto ruxsatnoma;
- E-permit elektron ko‘p tomonlama yuk tashish uchun ruxsatnomalarni berish va tekshirish;
- boshqa davlatlar bilan elektron blanklar kvotalarini almashish.
Shuningdek, bojxona tekshiruvi uchun olinadigan E-permit'lar holati bo‘yicha ma’lumot olish profilaktika ishlari yakunlangunga qadar cheklanadi.
Avvalroq O‘zbekiston Xitoy bilan yo‘l sohasidagi standartlarning yagona tizimini ishlab chiqishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar innovatsion materiallar ishlab chiqish va raqamlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlik bitimini imzoladi.