Avvalroq hukumat qarori bilan barcha mahalliy aviakompaniyalarga ichki reyslar uchun subsidiya berilishi ma’lum qilingandi.
Endi mahalliy aviaqatnovlarda ekonom-klass chiptalari narxining 25%i aviatashuvchilarga qoplab beriladi. Oldin bu faqat Uzbekistan Airways uchun mavjud edi. Aviachiptalar narxi va subsidiyalanadigan aviaqatnov yo‘nalishlari maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.
Yangi subsidiyalar fonida Silk Avia 16-maydan boshlab mahalliy aviaqatnovlar narxini pasaytirdi — yangilangan tariflar 13 ta yo‘nalishga taalluqli. Uzbekistan Airways ham o‘z tarif tizimini soddalashtirdi: 10 ta tarif darajasi o‘rniga soddalashtirilgan tartibda 4 ta tarif tizimi joriy etilib, maksimal tariflar pasaytirildi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari subsidiya berilishi ma’lum qilinganiga qaramay, ichki reyslar chiptalari juda qimmat bo‘lib qolayotganini ta’kidlashmoqda. Ayrim hollarda hatto O‘zbekiston bo‘ylab parvoz qilish chet elga sayohat qilishdan ko‘ra qimmatroq chiqadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon ichki aviaqatnovlar narxi 74% ga, xalqaro aviaqatnovlar narxi esa atigi 12% ga oshgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: davlatning doimiy moliyaviy ko‘magisiz arzon narxlarga erishish mumkinmi? Umuman, ichki tashuvlar rentabelli bo‘lishi imkoni mavjudmi?
Spot O‘zbekiston aviakompaniyalari vakillari bilan subsidiyalar haqiqatan ham zarurmi, ular narxlarga ta’sir ko‘rsata oladimi va nima sababdan haligacha ichki aviaqatnovlar ko‘plab yo‘lovchilarni qamrab olmayotgani hamda narxlar qimmatligicha qolayotganini muhokama qildi.
Silk Avia
Aviakompaniya O‘zbekistonda ichki aviatashuvlarni rivojlantirish uchun davlat subsidiyalari haqiqatan ham zarur, deb hisoblaydi. Biroq ular universal vosita emas, balki davlatning hududlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik siyosatining bir qismi bo‘lishi kerak.
“Subsidiyalar aviatashuvchilarning o‘zlariga emas, balki davlat biznesni faollashtirmoqchi, sayyohlarni jalb qilmoqchi yoki ish o‘rinlarini yaratmoqchi bo‘lgan hududlarga kerak. Bu aniq belgilangan ustuvorliklarga ega strategik qaror bo‘lishi zarur”, — deya ta’kidlanadi kompaniyada.
Silk Avia subsidiyalar oddiy zararlarni qoplashdan iborat bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlaydi — bu rivojlanishga sarmoya bo‘lishi kerak. Ular yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishning dastlabki bosqichlarida, talab shakllanayotgan va parvozlarning barqaror bandligi ustida ish olib borilayotgan paytda ayniqsa muhimdir.
“Samarali subsidiyalash tizimi — bu nafaqat pul, balki aniq monitoring, tahlil va sharoitga qarab moslashuvchan tuzatish mexanizmidir. Busiz tizimga bo‘lgan ishonchni yo‘qotish va uning maqsadlariga e’tiborni susaytirish xavfi mavjud”, — deya qo‘shimcha qildi kompaniya.
Silk Avia vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ichki chiptalar narxining yuqoriligi birinchi navbatda obyektiv tannarx bilan bog‘liq. Kompaniya mamlakatdagi eng yosh aviaparklardan birini boshqaradi va yangi samolyotlar xavfsizlik, qulaylik hamda texnik xizmat ko‘rsatishga jiddiy investitsiya kiritishni talab qiladi.
“Texnikamiz zamonaviy, ularga xizmat ko‘rsatish esa xorijlik mutaxassislarni jalb qilishni taqozo etadi. Bularning barchasi biznesning shakllanish bosqichida yetarlicha yuqori darajadagi xarajatlarni shakllantiradigan sifatga investitsiyalardir”, — deya tushuntiradi kompaniya.
Aviatsiya yoqilg‘isining yuqori narxi qo‘shimcha omil bo‘lib qolmoqda. Bunday sharoitda tariflarni yo‘qotishlarsiz pasaytirish juda qiyin. Shunga qaramay, Silk Avia parkning o‘sishi va biznesning kengayishi bilan o‘rindiq narxi asta-sekin pasayishiga umid qilmoqda.
Subsidiyalar fonida narxlar bo‘yicha kutilmalar esa, kompaniyada ta’kidlanishicha, barchasi aniq qo‘llab-quvvatlash mexanizmiga bog‘liq.
“Subsidiyalar — bu vosita, tayyor yechim emas. U aynan qanday amalga oshirilishi muhim: qaysi yo‘nalishlarni, qaysi toifadagi yo‘lovchilarni qamrab oladi, tizim qanchalik moslashuvchan va samarali ishlaydi. Narxlarni pasaytirish haqida gapirishga hali erta — hammasini amaliyot ko‘rsatadi”.
Ichki reyslar narxini xalqaro reyslar bilan taqqoslash masalasi kompaniyalarda faqat xarajatlar emas, balki bozor tuzilmasi masalasi deb hisoblanadi. Bu yerda asosiy rolni raqobat darajasi o‘ynaydi: xorijiy yo‘nalishlarda u yuqoriroq bo‘lib, bu narxga ta’sir qiladi.
Silk Avia ta’kidlashicha, aviatsiya ichki turizmni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Yetarli darajada mavjudlik, tezlik va qulaylik aviaqatnovlarni hududlar o‘rtasida harakatlanishning eng maqbul usuliga aylantiradi.
“Sayyoh uchun nafaqat qayerga ketayotgani, balki qanchalik tez va qulay yetib borishi ham muhim. Muntazam reyslar moslashuvchan yo‘nalishlarni tashkil etish, dam olish kunlari sayohatlarni rejalashtirish va hatto mamlakatning eng chekka burchaklarini ham ochish imkonini beradi”, — deb hisoblaydi kompaniya.
Silk Avia talabni rag‘batlantirmasdan aviatashuvlarni rivojlantirish mumkin emas, degan fikrda. Bu yerda voqealar turizmi asosiy drayverlardan biri bo‘lishi mumkin.
“Agar hududlarda muntazam ravishda keng ko‘lamli tadbirlar — konsertlar, festivallar, sport musobaqalari, gastronomik forumlar o‘tkazilsa, bu muqarrar ravishda havo oqimining ko‘payishiga olib keladi. Bugungi kunda nafaqat logistikani ta’minlash, balki sayohat uchun sabablar yaratish muhimdir”, — dedi tashuvchi vakili.
Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonning klassik diqqatga sazovor joylariga qiziqish allaqachon shakllangan, endi vazifa hududlarda madaniy sayohat va tadbirlar dasturi kun tartibini kengaytirishdir. U qanchalik faol bo‘lsa, parvozlarga bo‘lgan talab shunchalik barqaror bo‘ladi.
Centrum Air
Kompaniya davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam ekanligini ta’kidlamoqda. Centrum Air infratuzilmaga soddalashtirilgan kirish, xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash va tartibga soluvchi muhitda, ayniqsa ishga tushirish bosqichida navigatsiyani alohida ta’kidlaydi.
“Vazirlik haqiqatan ham bozorga kirish va asosiy yo‘nalishlarni muvofiqlashtirishda yordam berdi. Bu bizga operatsion jarayonlarni tezroq yo‘lga qo‘yish va mintaqaviy rivojlanish tomon harakat qilish imkonini taqdim etdi” — ta’kidlanadi kompaniyada.
Centrum Air, shuningdek, ichki reyslarning rentabelligi cheklanganligicha qolayotganini va bu mavsumga juda bog‘liqligini qo‘shimcha qildi. Ulardagi ma’lumotlariga ko‘ra, barqaror moliyaviy natijalarni faqat ayrim yo‘nalishlarda ko‘rsatish mumkin — bunda ham asosan bahor va kuzda, sayyohlar oqimi ko‘paygan vaqtda.
Bundan tashqari, kompaniyada O‘zbekistonda ichki reyslar faqat ayrim yo‘nalishlarda va cheklangan vaqt oralig‘ida barqaror rentabellikni ko‘rsatishi qayd etildi.
“Masalan, Urganchga yo‘nalishlar mavsumda tijoriy jihatdan samarali bo‘lishi mumkin, ammo yozda raqobat kuchayishi bilan hatto zararsizlik nuqtasiga erishish ham juda qiyin bo‘ladi”, — deya tushuntiradi kompaniya.
Centrum Air baholashiga ko‘ra, Samarqand va Buxoro kabi mashhur madaniyat markazlari ko‘p hollarda zarar ko‘rishda davom etmoqda. Buning sababi boshqa transport turlari bilan mavjud raqobatdir.
Hozirda Centrum Air O‘zbekiston hududlaridan Rossiyaning yirik shaharlariga keng ko‘lamli xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu bilan birga, aviakompaniya yangi ichki yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqmoqda — bu flotdan yanada samarali foydalanish va talabning mavsumiy o‘zgarishi sharoitida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beradi.
Fly Khiva
FlyKhiva davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari nafaqat zararlarni qoplash, balki ichki harakatchanlikni rag‘batlantirishning muhim vositasi, deb hisoblaydi. Aviatashuvchi direktori Dilshod Xo‘jayevning fikricha, subsidiyalar mamlakat bo‘ylab, ayniqsa, olis va turistik istiqbolli hududlar uchun parvozlar qulayligini oshirishning muhim vositasi bo‘lishi mumkin.
“Subsidiya — bu faqat zararni qoplash emas, balki mamlakat bo‘ylab, ayniqsa muqobil transport cheklangan joylarda aviaqatnovlarni yanada arzonlashtirishning bir usulidir”, — deya ta’kidladi Xo‘jayev.
Shu bilan birga, uning fikricha, subsidiyalar faqat Toshkentdan va Toshkentga bo‘lgan reyslar bilangina cheklanib qolmasligi lozim. Hududlararo yo‘nalishlarni ham qamrab olish hamda xorijiy yo‘nalishlar bilan bog‘langan logistika tizimini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
“Gap faqat mamlakat ichidagi reyslar haqida ketmasligi zarur. Aloqalarni shunday qurish kerakki, qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Ozarbayjondan kelgan sayohatchilar O‘zbekistondagi ichki reyslarga bemalol o‘tishlari mumkin bo‘lsin. Bu turizm uchun haqiqiy rag‘bat bo‘ladi”, — deydi Dilshod Xo‘jayev.
FlyKhiva, shuningdek, operatsion erkinlikning muhimligiga e’tibor qaratdi. Kompaniya davlatni aviakompaniyalar uchun yo‘nalishlar bo‘yicha ham, flot tanlashda ham imkoniyatlarni kengaytirishga chaqiradi.
“Bularning barchasi ishlashi uchun tashuvchi rejalashtirishda erkinlikka ega bo‘lishi kerak: ko‘proq yo‘nalishlar — ko‘proq moslashuvchanlik. Aks holda, samolyotning optimal turini tanlash va parvoz iqtisodini yaratish mumkin emas”, — dedi kompaniya direktori.
Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, hozir aviakompaniya ichki yo‘nalishlarga mos kelmaydigan modellar bilan ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda — ular uzoqroq yo‘nalishlarga mo‘ljallangan. Ichki reyslarda Embraer 175 yoki Airbus A220 kabi ixchamroq va tejamkorroq kemalardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Boshqa to‘siqlar qatorida kompaniya QQSning qaytarilishi va moliyaviy rejalashtirishning murakkabligini qayd etdi. Yirik davlat o‘yinchilaridan farqli o‘laroq, xususiy aviatashuvchilarga aylanma mablag‘larni muzlatish bilan operatsiya qilish qiyin.
“Har oyda biz ijara haqi, soliqlar va xizmat ko‘rsatish uchun to‘lovlarni amalga oshiramiz, ammo mablag‘ning bir qismi shunchaki muzlatib qo‘yiladi. Uning qachon qaytishini kutish esa noaniq. Bu ham rejalashtirish jarayoniga jiddiy to‘sqinlik qiladi”, — deydi aviakompaniya direktori.
Dilshod Xo‘jayev temir yo‘l transportida bo‘lgani kabi, ichki reyslar kamdan-kam hollarda foyda keltirishini tan oldi. Ammo aviakompaniya bularga uzoq muddatli strategiyaning bir qismi sifatida qaraydi. “Asosiy maqsad — har bir chiptadan pul ishlash emas, barqaror yo‘lovchi oqimini shakllantirish va hududlarni bog‘lash. Bu turizm, biznes, butun infratuzilma uchun turtki bo‘ladi”, — deydi u.
Kompaniya agar barqaror talab va moslashuvchan tizim ta’minlansa, ichki reyslar iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashi mumkinligiga ishonmoqda. Misol sifatida Fransiya keltirilmoqda, u yerda O‘zbekiston bilan taqqoslanarli aholi soniga ega bo‘lgan holda, Tuluza va Parij orasida samolyotlar har yarim soatda uchadi va barcha o‘rindiqlar to‘liq band bo‘ladi.
Xo‘jayevning fikricha, ichki aviatashuvlarning kelajagi — oldindan aytish mumkin bo‘lgan va qulaylikdadir. Kundalik reyslar, tushunarli qoidalar, moslashuvchan narx siyosati — bularning barchasi odatiy holga aylanishi kerak.
“Inson shunchaki aeroportga kelishi, hech qanday stress va kutilmagan hodisalarsiz uchib ketishini his qilishi kerak. Mana shu haqiqiy transport qulayligi hisoblanadi”, — deya xulosa qildi u.