Qozog‘iston hukumati fuqarolar uchun ma’lum bir summadan ortiq mobil pul o‘tkazmalari ustidan nazorat o‘rnatishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Forbes.kz.

Moliya vazirligi Milliy bank va tijorat banklari bilan birgalikda yangi Soliq kodeksi loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritdi. U aprel oyi oxirida respublika Majlisida yakuniy o‘qishdan o‘tgan va hozirda Senatda ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, bir kishi uchun bank hisobvarag‘iga pul o‘tkazish limiti eng kam ish haqining 12 barobarini (joriy kurs bo‘yicha 1,02 mln tenge yoki $2000 atrofida) tashkil etadi. Pul uch oy davomida har oyda kamida 100 kishidan kelib tushishi kerak.

Jismoniy shaxsning hisobvarag‘iga uch oy mobaynida yuz nafar va undan ortiq jo‘natuvchidan jami cheklovdan ortiq pul o‘tkazmalari kelib tushsa, soliq organlari ro‘yxatdan o‘tmasdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganligini tekshirishni boshlashlari mumkin.

Nazorat maqsadida faqat boshqa jismoniy shaxslardan kelib tushgan tushumlar (P2P-o‘tkazmalar) hisobga olinadi. Qozog‘iston Moliya vazirligi qarorni daromadlarni yashirish holatlarini aniqlash zarurati bilan asoslab, ko‘plab tadbirkorlar tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni shaxsiy hisobvaraqlarga mobil o‘tkazmalar orqali olishini ta’kidladi.

2023-yilning kuzida qabul qilingan raqamli texnologiyalar orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori bilan O‘zbekistonda moliyaviy tashkilotlarda fuqarolar o‘rtasidagi yirik pul o‘tkazmalari ustidan nazorat joriy etish belgilandi.

2024-yilning aprel oyida O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasi bilan fuqarolar o‘rtasidagi shubhali pul o‘tkazmalarini nazorat qilish taklif etilgandi.

Joriy yilning aprel oyi boshida to‘lov xizmatlarida pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingandi. 11,25 mln so‘mdan boshlangan pul o‘tkazmalari yuzasidan jo‘natuvchining shaxsiy ma’lumotlarini ilova qilish talab etiladi. Undan keyin Markaziy bank pul o‘tkazmalariga qo‘yiladigan yangi talablar yuzasidan izoh berdi.

Aprel oyi oxirida Qonunchilik palatasi to‘lov tashkilotlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Qonun loyihasi bilan muhim to‘lov toifasini joriy etish, to‘lov tizimidagi qoidabuzarliklarni toifalarga ajratish hamda uch yoki undan ortiq pul o‘tkazmalari nazoratini avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq 30-maydan Rossiyada bank hisobisiz pul o‘tkazmalariga cheklov joriy qilingani haqida xabar berilgandi. Cheklov elektron hamyonlar va pul o‘tkazmalari xizmatlaridan foydalanuvchilarga ta’sir qiladi va miqdor 100 ming rublni tashkil etadi.