Janubiy Koreya Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishda yordam bermoqchi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
ITS Asia Pacific Forum 2025 xalqaro forumi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov Koreya Yer, infratuzilma va transport vaziri Park Sangvu hamda Korea Expressway Corporation (KEC) prezidenti Xam Jingyu bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida transport hamda yo‘l xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Koreyaning avtomagistrallar boshqaruvi, “aqlli” svetoforlar, sun’iy intellekt asosidagi harakatni boshqarish tizimlarini O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, Koreya hukumati tomonidan O‘zbekistonda texnik yordam va mutaxassislar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Koreya tomoni O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish, jumladan, “aqlli” tolling, ITS sensor tizimlari hamda harakat monitoringi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi.
Shu bilan birga, Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha DXSh loyihasi doirasida avtomagistral loyihalarini rivojlantirishda KEC korporatsiyasi ishtirokini ta’minlash tashabbusi ilgari surildi.
Joriy yil boshida Transport vazirligi Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha tender e’lon qildi. Unga qisqa vaqtda 30 dan ortiq xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan. Masalan, bular qatorida Meridiam investitsiya kompaniyasi bor.
Birinchi bosqich doirasida 171 km uzunlikdagi Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan yo‘l hamda Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish belgilangan. Aprel oyida tanlov jarayoni 21-maygacha uzaytirildi. Biroq, mayda yana bir oyga surildi.
Avvalroq O‘zbekiston Xitoy bilan yo‘l sohasidagi standartlarning yagona tizimini ishlab chiqishi haqida xabar berilgandi.