Transport vazirligi Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish uchun tender e’lon qildi.

Tender Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ishtirokida tashkil etilmoqda. Xususiy sherikni tanlash bo‘yicha bosh maslahatchi Jahon banki ko‘magida jalb qilingan “PWC”, Britaniyaning “Arup and Partners” va “CMS Cameron” konsorsiumi hisoblanadi.

Birinchi bosqichga Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni yo‘nalishi bo‘yicha 171 km uzunlikdagi yo‘lni loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, ekspluatatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish kiradi. Vazirlar Mahkamasi loyihaning konsepsiyasini 21-yanvar kuni ma’qulladi.

Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda kompaniyalarga dastlabki malaka so‘rovini topshirish taklif etiladi, shundan so‘ng undan o‘tgan nomzodlar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Tender g‘olibi bilan uzoq muddatli davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi. Unda ishtirok etishga yo‘l qurilishida ish tajribasiga ega bo‘lgan barcha manfaatdor shaxslar taklif etiladi.

Malakaoldi arizalar, shuningdek malaka so‘rovini tuzish tartibi bo‘yicha murojaatlar “O‘zavtoyo‘l” davlat muassasasining (avtoyul_invest@uzavtoyul.uz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi DXShni rivojlantirish departamentining (dxshtender@imv.uz) va maslahatchilarning (uz_tar_tender@pwc.com) elektron manzillariga qabul qilinadi.

Arizalarni 2025-yil 21-aprel kuni, Toshkent vaqti bilan soat 18:00gacha qabul qilnadi.

O‘zbekistonda pulli yo‘l

2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilindi.

Yil yakunida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.

2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrdga baholangandi. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi mumkin.

Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlash nazarda tutilgan.

Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Qurilish jarayoni 2024-yilning dekabridan boshlanishi kerak edi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.

Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasi Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pullik qilishga qiziqish bildirgan. Biroq, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning fikricha, bunda muqobillik ta’minlanishi shart.