Eron va O‘zbekiston tranzit va savdo aloqalarini kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tehronda o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar transport vazirlarining 13-yig‘ilishi doirasida tegishli hujjatni imzolash tadbiri tashkil etildi.
Unda vazir Ilhom Mahkamov hamda Eron transport va shaharsozlik vaziri Farzona Sadiq va Eron portlar va dengizchilik tashkiloti (PMO) rahbari Said Rasuli ishtirokida anglashuv memorandumi imzolandi. Kelishuv O‘zbekiston va Eron o‘rtasida tranzit hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Hujjat O‘zbekiston xususiy sektori uchun Eronning Shahid Rajai portiga sarmoya kiritish, maxsus terminal va logistika markazi qurish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
Tehran Times xabariga ko‘ra, tomonlar, shuningdek, o‘zbekistonlik investorlarga zarur ruxsatnomalarni olish va loyihani amalga oshirish rejalarini belgilab olishga ko‘maklashishga kelishgan.
2024-yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev eksport uchun yangi istiqbolli bozorlar bo‘lgan yirik port shaharlarda O‘zbekistonning savdo uylarini ochishni topshirgandi. Bular qatorida Mersin (Turkiya), Rotterdam (Niderland), Sindao (Xitoy), Klaypeda (Litva) hamda Doha (Qatar) kabi shaharlar bor.
May oyida Tehronda bosh vazir Abdulla Aripov hamda Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref boshchiligidagi hukumatlar delegatsiyalarining uchrashuvida imtiyozli savdo bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bo‘yicha bayonnoma imzolandi. O‘zbekiston va Eron tovar ayirboshlash hajmini to‘rt baravargacha oshirishni rejalashtirmoqda. Tomonlar $1 mlrdlik loyihalar portfelini ishlab chiqdi.
Avvalroq O‘zbekiston Xitoy bilan yo‘l sohasidagi standartlarning yagona tizimini ishlab chiqishi haqida xabar berilgandi.