Yirik port shaharlarda O‘zbekistonning savdo uylari ochilishi mumkin. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Muloqotda eksportni an’anaviy bozorlardan yuqori narxda mahsulot sotib oluvchi davlatlarga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, bunday bozorlar bilan ishlashni kuchaytirish muhimligini qayd etdi.

Jumladan, Yaponiyada savdo uyini akkreditatsiya qilish va ijara to‘lovining kompensatsiya masalasini hal qilish topshirildi.

Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSh va Qozog‘istondagi savdo uylari ham tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.

Bundan tashqari, eksport uchun yangi istiqbolli bozorlar bo‘lgan Mersin (Turkiya), Rotterdam (Niderland), Sindao (Xitoy), Klaypeda (Litva), Doha (Qatar) kabi yirik port shaharlarda savdo uylarini ochish zarurligi qayd etildi.

2023-yilning mayida O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini ochishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilindi.

Shuningdek,Gruziyaning Poti erkin iqtisodiy zonasida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan.