Yevropa investitsiya bankining O‘zbekistondagi ofisi 2025-yil oxirigacha ochiladi. Bu haqda 10-iyun kuni o‘tkazilayotgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi panel sessiyada YIBning kredit bo‘yicha katta xodimi Davide Monguzzi ma’lum qildi.
Monguzzi joriy yilning aprel oyida Samarqand sammiti doirasida O‘zbekistonda YIBning mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolanganini ijobiy tajriba sifatida qayd etdi.
“Shuni aytishim mumkinki, nihoyat YIB mezbon mamlakat bilan bitim imzoladi. O‘zbekiston hukumati bilan kelishuvimiz bizga ertami-kechmi ofis ochish imkonini beradi. Uning esa joriy yil oxirida ochilishi kutilmoqda”, — dedi u.
Bank vakili YTB Yevropa Ittifoqining “moliyaviy qanoti” hisoblanishini va bankning Markaziy Osiyodagi o‘n yildan ortiq faoliyatini kengaytirish hamda investitsiya kiritish uchun strategik maqsadlar belgilab olinganini ta’kidladi.
YTB tuzilmani rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Iqlimning oldindan aytib bo‘lmas darajada o‘zgarib borishi esa mintaqada suv xo‘jaligi barqarorligini ta’minlash borasidagi dasturlarni joriy etishni taqozo qiladi.
“YIB Yevropadagi mamlakatlarni birlashtira oldi va biz Markaziy Osiyoda ham buni amalga oshirishni xohlaymiz. Ayniqsa, bizda Transkaspiy koridori mavjud — transport barqaror rivojlanishning sermahsul yo‘li”, — dedi Davide Monguzzi.
Shuningdek, u Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonda infratuzilmani barqaror rivojlantirishga yordam berish istagida ekanini qayd etdi. “Biz Yevropada qurgan ko‘p yillik nou-xaumizni texnik jihatdan amalga oshirishni xohlaymiz”, — dedi u.
Monguzzining aytishicha, YTB sug‘orishdan tortib yo‘llarni qayta tiklash, avtomobil yo‘li hamda temir yo‘l qurilishigacha bo‘lgan turli sohalarga ixtisoslashgan 400 dan ortiq muhandislar jamoasi mavjud.
Bank mamlakatga mablag‘ ajratish bilan birga, loyihalarda birgalikda ishtirok etish istagida. YIBning boshqa mamlakatlardagi tajribasini O‘zbekistonga olib kelish va loyihalarga qo‘llash maqsad qilingan.
“Biz hozirda aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz va Transport vazirligi bilan imzolagan o‘zaro anglashuv memorandumini Qoraqalpog‘iston hududida, shuningdek, Samarqand shahri yaqinida ham amaliy loyihalarga aylantirish ustida ish boshlayapmiz. Shunday qilib, biz allaqachon transport harakati sekinlashgan yoki tor joylarda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha aniq qadamlar qo‘ymoqchimiz”, — deya xulosa qildi YIBning kredit bo‘yicha katta xodimi.
Joriy yilning 3-aprel kuni Samarqandda Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida O‘zbekistonda YTBning mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Ofisning Toshkentda ochilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishi, O‘zbekistonda, umuman, Markaziy Osiyoda “yashil” iqtisodiyot, innovatsion sanoat va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmini oshirish imkonini beradi.
Bank Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan to‘rtta anglashuv memorandumini imzolashga va barqaror transport, suvni tartibga solish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilik uchun 365 mln yevro ajratishni ko‘zda tutgan.
Shuningdek, Yevropa investitsiya banki O‘zbekistondagi pullik yo‘llar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Shu bilan birga, Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l qurilishini moliyalashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bank transport va logistika kompaniyalariga kredit liniyalari ajratishni rejalashtirgan.
Avvalroq BYD yil oxirigacha Denza premium brendini O‘zbekiston bozoriga olib kelishi haqida xabar berilgandi.