IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida BYD Central Asia boshqaruvchi direktori Ivan Sao kompaniyaning O‘zbekistondagi rejalari va ularning mahalliy avtomobil sanoatini rivojlantirishdagi ahamiyati haqida so‘zlab berdi, deya xabar beradi Spot muxbiri.

Uning ta’kidlashicha, BYD deyarli to‘rt yildan buyon mamlakatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda va uni barqaror o‘sish uchun asosiy platforma sifatida ko‘rmoqda.

“Biz sotuvdan boshladik, keyin mahalliy yig‘ishni yo‘lga qo‘ydik, 2024-yil iyun oyidan esa to‘liq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. O‘zbekiston prezidenti va prezidentimiz ishtirokida Jizzaxda zavod ochildi, bu yerda 10 mingdan ortiq elektromobil ishlab chiqarildi. Bu haqiqiy talab va salohiyatni ko‘rsatadi”, — dedi Sao.

Uning qayd etishicha, BYD O‘zbekistonda “yashil” avtomobillar segmentini faol rivojlantirmoqda va 2025-yilda bozorga yangi modellarni chiqarishni rejalashtirmoqda. Xususan, Mercedes-Benz bilan hamkorlikda yaratilgan Denza premium brendi haqida so‘z bormoqda.

“Biz muzokaralar olib bormoqdamiz va yil oxirigacha ushbu brend O‘zbekiston bozorida paydo bo‘lishini kutmoqdamiz. Denza — bu zamonaviy texnologiyalar va dizayn cho‘qqisi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ivan Sao, shuningdek, BYD’ning mintaqadagi faol ishtiroki boshqa Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarini jalb qilishga yordam berishini ta’kidladi. “O‘zbekiston xitoylik investorlar uchun jozibador nuqtaga aylanmoqda. Bizdan keyin bu yerga ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yoki sotuvni yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqayotgan boshqa brendlar ham keladi. Bu domino effektini yaratadi, mamlakatning sanoat va sarmoyaviy salohiyatini kuchaytiradi”, — dedi u.

“BYD O‘zbekistonga nafaqat sotuv bozori, balki barqaror sanoat rivojlanishi uchun strategik platforma sifatida qaraydi. Biz O‘zbekiston avtomobil sanoati nuqtai nazaridan yanada qiziqarli bo‘lishini istaymiz”, — deya xulosa qildi boshqaruv direktori.

2024-yilning noyabr oyida BYD O‘zbekiston bozoriga yo‘naltirilgan yangi modellar qatorini taqdim etgandi. Ular qatorida Denza Z9GT, Denza D9, Sea Lion 07, QIN L, BAO 8, BAO 5 va YANGWANG U8 bor. Avtomobillar narxi hozircha oshkor etilmagan — ular sotuvlar boshlanishiga yaqin e’lon qilinadi.

BYD O‘zbekistonda

Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda.

Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.

Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.

Iyun oyida BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.

Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket BYD E2, Seagull" hamda “Yuan Up” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.

2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga tannarxni pasaytirish mumkinligini qayd etgandi. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.

Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda elektromobillar importi kamayishi ular importining tartibga solinishi va qat’iylashtirilishi ta’sir etganini ma’lum qilgandi.