Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi bilan “Markaziy banki to‘g‘risida"gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Raqamli to‘lov xizmatlarini taqdim etishda ijtimoiy injiniring va kiberjinoyat bilan bog‘liq tavakkalchiliklar turi ortib borayotgani sababli barcha to‘lov tizimi operatorlari zimmasiga tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini joriy etish yuklatilmoqda.
Markaziy bankka to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining tavakkalchiliklarini boshqarish tizimiga doir minimal talablarni belgilash vakolati beriladi.
Loyihaga ko‘ra, to‘lov tashkilotlari to‘lov faoliyatining ko‘lamiga ko‘ra, ikki toifaga ajratilib, muhim to‘lov tashkiloti tushunchasi kiritilyapti.
To‘lov tashkilotlari fuqarolarga onlayn xizmatlar ko‘rsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirishi hamda antifrod tizimlarini joriy etishi kerak bo‘ladi.
Mazkur qonun loyihasi joriy yilning aprel oyida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandi. Unda to‘lov tizimidagi qoidabuzarliklarni toifalarga ajratish hamda uch yoki undan ortiq pul o‘tkazmalari nazoratini avtomatlashtirish belgilangandi.
2023-yilning kuzida qabul qilingan raqamli texnologiyalar orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori bilan moliyaviy tashkilotlarda fuqarolar o‘rtasidagi yirik pul o‘tkazmalari ustidan nazorat joriy etish belgilangandi.
Joriy yilning aprel oyi boshida to‘lov xizmatlarida pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingandi. 11,25 mln so‘mdan boshlangan pul o‘tkazmalari yuzasidan jo‘natuvchining shaxsiy ma’lumotlarini ilova qilish talab etiladi. Undan keyin Markaziy bank pul o‘tkazmalariga qo‘yiladigan yangi talablar yuzasidan izoh berdi.
Avvalroq ayrim huquqbuzarliklarni faqat jabrlanuvchi arizasi asosida ko‘rib chiqish tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Bunga tuhmat qilish, yengil tan jarohati yetkazish, zarar keltiruvchi ma’lumotlarni oshkor etish hamda mulkka qasddan zarar yetkazish kabi huquqbuzarliklar kiradi.