Yangi Toshkent hududida “Sankt-Peterburg” mahallasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
12-iyun kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Sankt-Peterburg vitse-gubernatori Nikolay Linchenko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Tomonlar shaharsozlik va shahar infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Xususan, Yangi Toshkent shahri hududida “Peterburg mahallasi” turar-joy va jamoat makonini barpo etish g‘oyasi muhokama qilindi. Mazkur mahalla hududlararo sheriklik aloqalarini mustahkamlashning ramzi bo‘lishi qayd etildi.
Tomonlar qulay shahar muhitini rivojlantirish, zamonaviy arxitektura yechimlarini joriy etish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda o‘zaro manfaatdorlik bildirdilar.
Hokimlikdagi uchrashuvdan bir kun oldin Sankt-Peterburg vitse-gubernatori Nikolay Linchenko o‘z Telegram-kanalida Yangi Toshkentdagi “Sankt-Peterburg” mahallasi qurilish maydonchasini ko‘zdan kechirganini ma’lum qildi. Rossiya tomoni Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasi bilan uchrashuv o‘tkazib, loyiha kelajagi va uni amalga oshirish bo‘yicha yaqin rejalarni muhokama qildi.
Nikolay Linchenkoning so‘zlariga ko‘ra, hozirda allaqachon ishlab chiqilgan konsepsiya bo‘yicha loyiha qayta ishlanmoqda. Xususan, mahallani barpo etishda Sankt-Peterburg arxitekturasi va diqqatga sazovor joylarining mashhur elementlaridan foydalanish rejalashtirilgan. Mahalla hududidagi ko‘cha-yo‘l tarmog‘i investor tomonidan yaratiladi.
Mahalla qurilishini 2026-yilda boshlash rejalashtirilgan.
Vitse-gubernator Nikolay Linchenkoning aniqlik kiritishicha, mahallani tashkil etish uchun Sankt-Peterburg mutaxassislarini jalb qilish tashabbusi o‘tgan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ilgari surilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzildi.
Yangi Toshkent qurilishi
2024-yilning mart oyida Toshkent viloyatidagi qariyb 20 ming gektar yer maydonini Yangi Toshkentga o‘tkazish ma’qullandi. Yuqori Chirchiq tumanidan 17,3 ming gektar, O‘rta Chirchiq tumanidan esa 2,4 ming gektar yer ajratilishi belgilandi.
Viloyat hokimi tomonidan imzolangan qarorda Yuqori Chirchiq tumanidan 33 ta (20 tasi to‘liq, 13 tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidan 7ta — jami 40ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) Yangi Toshkentga o‘tkazilishi kerak edi. Biroq, Davlat kadastrlari palatasi bergan ma’lumotlardan ularning soni 37taga kamayganini ko‘rish mumkin.
Yangi Toshkent hududiga o‘tgan ko‘chmas mulk obyektlarining umumiy soni 19 723 tani tashkil etadi. Shundan 18 773 tasi turar joy, 891 tasi noturar joy hamda 52 tasi ko‘p qavatli uylar hisoblanadi. Oktabrda Yuqori Chirchiq tumanidan yana 110,4 gektar yer direksiyaga ajratib berildi.
O‘tgan yilning aprelida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent’ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.
May oyida Cross Works kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.
Hududdan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 km.ga yaqin qismida dam olish hududi barpo etiladi. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov Yangi Toshkentning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishini Spot’ga ma’lum qilgandi.
Mart oyida Toshkent viloyatidan yana 122 gektar yer Yangi Toshkent hududiga o‘tkazildi. Yuqori Chirchiq tumanining Bordonko‘l hamda Do‘stlik mahallalaridagi yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga ajratib berildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish rejalari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Metroni Toshkent traktor zavodi dahasigacha uzaytirish bo‘yicha tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.