Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxtda metropoliten tizimini Toshkent traktor zavodi (TTZ) hududigacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘nalishi Pushkin bekatidan Toshkent halqa yo‘ligacha yer ustidan davom ettiriladi. Ikkinchi bosqichda esa halqa yo‘lidan TTZ massivi hududidagi markaziy avtostansiyagacha yer osti liniyasini qurish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, transport oqimlarini kamaytirish maqsadida mazkur temir yo‘l liniyasini Toshkent halqa yo‘li ostidan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Yerosti yo‘nalishi ham ko‘chadagi harakatni to‘xtatmagan holda quriladi. Bu yangi metro yo‘li 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda.

metro, yangi toshkent, prezident, toshkent metropoliteni

Bu sohadagi yana bir istiqbolli loyiha — Yangi Toshkent shahriga metro yo‘lidir. U hozirgi Do‘stlik metro bekatidan boshlanib, yangi markazgacha boradi. Uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat bo‘lishi kutilayotgan bu metro kuniga 230 minggacha yo‘lovchilarni qamrab oladi.

Taqdimotda taqdim etilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlari ko‘rib chiqildi. Prezident qurilish sifatini, qurilish madaniyatini oshirish, aholiga maksimal qulayliklarni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Adilov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Yangi O‘zbekiston ko‘chasida — Yangi O‘zbekiston bog‘i va Olimpiya shaharchasi chorrahasida Yangi Toshkentga metro liniyasi bo‘ylab qurilish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. May oyida Gazeta Yangi O‘zbekiston bog‘i yaqinida metropolitenning yer osti qismi qurilishi haqida reportaj e’lon qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning Dogus Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihada yer usti va yer osti metro qurilishi texnologiyalari qo‘llanilmoqda.

Loyihani amalga oshirishga Turkiyaning Arccon Project va Rossiyaning Mosinjproyekt muhandislik kompaniyalari ham jalb etilgan. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 km yer osti qismining qiymati $8 mlnni tashkil etadi.

2021-yilning noyabrida davlat rahbariga Toshkent metropolitenining Buyuk ipak yo‘li bekatidan TTZ dahasigacha yerosti yo‘li hamda yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalalari taqdim etilgandi.

Unda yerosti yo‘lini Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi orqali olib o‘tish, birinchi holatda yo‘l uzunligi 8,6 kmni, ikkinchi variantda 8 kkmni tashkil etishi belgilangandi.

Joriy yilning mart oyida Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishini TTZ dahasigacha uzaytirish rejalari ma’lum qilindi. Yangi metro bekatlarining soni 10 tani tashkil etib, bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning qayd etishicha, loyiha Salar bekatidan Akusherlik va ginekologiya institutigacha elektropoyezd yo‘nalishi bo‘ylab (Shahriobod bekati orqali Ekobozor’gacha) 5,5 km uzunlikdagi yer usti metrosini qurishni nazarda tutadi. Bu yerusti metrosining birinchisi bo‘ladi. Avtomobil yo‘lini kesib o‘tgan to‘rtta joyda tunnellar qurish rejalashtirilgan. Pushkin metro bekatidan Salar temir yo‘l bekatigacha travolator orqali yopiq o‘tish joyi bo‘ladi.

Vazirning ta’kidlashicha, loyihani ishlab chiqish uchun xalqaro konsultantlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Jarayon 1−1,5 oy davom etishi kutilmoqda. Keyinchalik yer usti liniyasi Ashxobod bog‘i orqali Kichik halqa yo‘li bo‘ylab Toshkent metro bekatigacha (Shimoliy vokzal) qo‘shimcha 4 km ga uzaytirilishi mumkin.

May oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenini rivojlantirish rejalari bilan tanishdi. Metroni TTZ dahasigacha uzaytirish bo‘yicha tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Undan keyin Mahkamov davlat rahbari Do‘stlik bekatidan Yangi Toshkent bilan poytaxtni bog‘lovchi metro liniyasi qurilishi loyihasi doirasida ishlarni boshlash bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.