Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Aeroportni rekonstruksiya qilish natijasida 4 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Hozirda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda.

Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.

“Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, loyiha natijasida xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish kengayishi, xorijiy investorlarni qabul qilishda sharoitlar yaxshilanishi kutilmoqda. Bu esa iqtisodiy faollik oshirib, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantiradi, ish o‘rinlarini yaratadi hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.

Davlat rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Prezident aeroport qurilishi bilan 2024-yilning sentabrida tanishib, inshootlar atrofini hamda ularga olib boruvchi yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Avvalroq 2045-yilgacha Toshkentda $58,4 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimining qayd etishicha, uy-joy kommunal infratuzilma obyektlarining zilzilabardoshligi hamda foydalanishga tayyorligini qat’iy nazoratga olish topshirilgan.